O‘zbekiston hukumati ham Xitoy bilan aviaaloqalarni vaqtincha to‘xtatgan. 29 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida» prezident farmoyishi qabul qilingan.
4 fevral kunidan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi koronavirus tarqalishi sababli Xitoyga (Pekin va Urumchi) muntazam reyslarni vaqtincha to‘xtatadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan bemor yo‘qligini ma'lum qilgan. So‘nggi haftalarda mamlakatdagi barcha chegara punktlarida kirib keluvchilar qat'iy nazoratdan o‘tkazilmoqda.
31 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan uchib kelgan jami 4194 nafar, temir yo‘llari orqali esa 953 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan. Natijada Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olingan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmagan.
O‘zbekiston 4-5 fevral kuni maxsus charter reyslar orqali Xitoydagi, jumladan, Uxanda qolayotgan fuqarolarni (Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra Uxanda ayni vaqtda 81 nafar o‘zbekistonlik bor) vatanga olib kelishni rejalashtirmoqda.
Virus qurbonlari haqida so‘nggi ma'lumotlar
Xitoy Xalq Respublikasi davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019-nCov koronavirusi yuqishi oqibatida yuzaga kelgan pnevmoniyadan vafot etganlar soni 304 nafarga yetgan, shuningdek 14 380 kishi virusdan zararlangan. Bir kun ichida yana 2590 kirishi virusni yuqtirib olgani aniqlangan. 2110 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda, 328 kishi tuzalgan.
XXRdan tashqarida yana 100ga yaqin virusdan zararlanish holatlari aniqlangan.

Filippinda yanvar oyida Uxandan rafiqasi bilan kelgan 44 yoshli xitoylik vafot etdi. U virusni Xitoydaligida yuqtirib olgan, o‘zini yomon his qila boshlagach Maniladagi shifoxonaga yotqizilgandi. Uning ahvoli barqaror bo‘lib turgandi, so‘nggi 24 soat ichida esa og‘irlashib vafot etgan. Bu Xitoy hududidan tashqaridagi ilk o‘lim holati bo‘ldi. Mamlakat hukumati Xitoyning Maniladagi elchixonasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Marhumning jasadi katta ehtimol bilan kuydiriladi.























