Forumning dastlabki kunida O‘zbekistonda gender tengligini ta'minlash komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi.
«Kelajak haqida fikr yurituvchilar va innovatorlarga ayollar, yosh avlodning kelajagi, zamonaviy dunyoda ular duch kelayotgan qiyinchiliklarni muhokama etish hamda biz ko‘rishni istaydigan kelajakni loyihalash uchun Birlashgan Arab Amirliklaridan yaxshiroq joy yo‘q», – dedi Mirziyoyeva nutqi avvalida.
U BAAning «taraqqiyotga qanchalik tez erishish mumkinligini ko‘rsatuvchi namuna» ekanini ta'kidlab, mamlakatning istisnolarsiz butun jamiyat uchun xavfsiz hududga aylana olganini e'tirof etdi.
«Biz bugun bu yerda ekanimizning boisi – tajriba almashish, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash va ruhlantirish, qolaversa jamiyatlarimizdagi ayollarning rolini oshirib, ularga insoniyat sivilizatsiyasiga o‘z hissalarini qo‘shish imkonini yaratib berishdir.
Shunga aminmanki, o‘zbek ayollarining ham dunyoga aytar so‘zi bor – ular insoniyatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘sha olishadi», – dedi Saida Mirziyoyeva.
O‘zbekiston vakili mamlakat tarixining og‘ir sinovli yillarini eslab o‘tib, bu davrlarda ham ayollar jamiyat hayotida kechgan voqeliklarning ajralmas qismi bo‘lib kelganini ta'kidladi.
«O‘zbekistonning uzoq tarixi – ayollarimizning ham o‘tmishidir. Shoirlar, davlat rasmiylari, diplomatlar, muhandislar, hamshiralar, rafiqa va onalar. Bu nozik sharqona san'at bo‘ladimi, yoki qat'iy va aniq fanlarmi – o‘zbek ayollari barcha sohalarda a'lo darajada ilgarilab borishdi, ammo soyada qolib kelishdi.
Ularga boshlarini baland ko‘tarib, o‘z qobiliyatlari va mahoratlarini qo‘rqmay, cheklovlarsiz ko‘rsata olish imkonini beradigan vaqt keldi», – dedi Mirziyoyeva.

U o‘z so‘zida O‘zbekiston ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlari yuzasidan BMT, YeXHT, Jahon Banki, Islom Taraqqiyot Banki kabi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, mamlakatda gender tengligiga katta e'tibor qaratilayotgani haqida gapirib o‘tdi.
«Buvim ikkinchi jahon urushi yillarida turmush o‘rtog‘ini ham ruhan, ham moliyaviy jihatdan qanday qo‘llab-quvvatlaganini yaxshi eslayman. Onamning otam va biz farzandlariga cheksiz madad va mehr-muhabbatini ayamagani doim yodimda turadi», – deydi Saida Mirziyoyeva.





















