Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalasi sohasidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha:

a) “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” 1999 yil 19 avgustdagi qonunga muvofiq giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi litsenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanadi;

b) Prezidentning “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 11 apreldagi farmoniga binoan ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashishga ruxsatnomalar berilishi bekor qilingan;

v) Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2002 yil 28 iyundagi qarori bilan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi sohasidagi faoliyatini litsenziyalash Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklangan;

g) Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida” 2003 yil 16 iyuldagi qaroriga asosan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash va tashish faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi, litsenziya olish uchun ular tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ichki ishlar organlarining obektning texnik talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi taqdim etiladi. 

Quyidagilar:

Obektlar (xonalar)ning giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash bo‘yicha texnik talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar berish tartibi haqidagi nizom;

O‘zbekiston hududida giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston hududida giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va prekursorlardan iborat yuklarning yuk jo‘natuvchisi va yukni qabul qilib oluvchisi faqat giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.