Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov ham Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida ro‘y bergan mojaroli holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

«O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ushbu jarayonda adolat qaror topishi uchun har ikkala tomon ham tinglanishi, vaziyat chuqur o‘rganilishi lozim deb hisoblaydi.

Sug‘oriladigan yerlarning har bir qarichidan maqsadli foydalanish darkor, chunki aholimizni xavfsiz oziq-ovqat bilan ta'minlash o‘ta muhim masaladir.

Aksariyat hollarda yer egalari bo‘lgan fermerlar nopok yo‘llarga kirib, ular tomonidan dehqonchilikka mo‘ljallangan yer maydonlari uy, binolar qurishga ajratilayotganini noqonuniy harakat deb baholaymiz.

Bunday hollarda eng avvalo, ushbu yerlarni ajratishga javob berganlar qonuniy javob berishi kerak. Shundagina adolat ta'minlanadi. Shuning uchun fuqarolar uy qurishi uchun sharoit yaratib bergan fermer yoki boshqa mutasaddilarning javobgarligi kun tartibiga chiqarilishi zarur. Biz hozir sabablar bilan emas, oqibat bilan kurashmoqdamiz. Bu zaylda ketadigan bo‘lsa, bunday holatlar ertaga boshqa hududda ham kelib chiqishi aniq.

Shuning uchun bu jarayonda asosiy e'tiborni vaziyatni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etishga qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda adolat hukm suradi, rivojlanish bo‘ladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda partiya matbuot xizmati.

15 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari va aholi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgani haqidagi video tarqaldi.

Bu mojaroli holat Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi «Xalqobod» mahallasida sodir bo‘lgan, ichki ishlar organining ikki xodimi va bir fuqaro jarohatlangan.

Foto: Skrinshot / You Tube

Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.