Hukumat tartibsizliklar qamrab olgan hududlarga politsiyachilarni va harbiylarni jo‘natgan. Bunday vaziyat mamlakat poytaxtida so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilmagandi.
Bosh vazirning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Doval shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish uchun Nyu-Dehli shimoli-sharqidagi politsiya boshlig‘ining idorasiga tashrif buyurgan.
To‘qnashuvlar 24 fevral, yakshanba kuni boshlangan. Katta ehtimol bilan, bunga Hindistonda hukumatdagi partiya bo‘lmish induistlarning milliy partiyasi - «Bxarat Janata Parti» yetakchilaridan biri Kapila Mishraning chorlovlari sabab bo‘lgan.
Mishra o‘z tarafdorlari ishtirokidagi mitingda ularni asosan musulmonlar yashaydigan Nyu-Dehlidagi tumanlardan biriga yig‘ilishga da'vat etgan, u bu orqali ushbu hududda fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan tuzatishlarga qarshi namoyishga to‘sqinlik qilishni ko‘zlagan.

Hindiston parlamenti o‘tgan haftada Pokiston, Afg‘oniston va Bangladeshdan kelgan qochqinlarga fuqarolik berishni soddalashtirish bo‘yicha taklif berdi - ammo bir shart bilan, ular musulmon bo‘lmasliklari kerak. Shu bilan bir vaqtda, ko‘plab shtatlarda mahalliy musulmonlar Hindiston fuqarosi ekanini isbotlashi kerak bo‘ladi. Agar ular kerakli dalillar keltira olishmasa, ularni deportatsiya kutadi.
Ushbu qonun loyihasi hindistonlik musulmonlarni g‘azablantirdi. Ularning fikricha, so‘nggi tuzatishlar konstitutsiyaga zid, chunki rasman dunyoviy hisoblangan mamlakatda aholining bir qismi diniy e'tiqodidan kelib chiqib kamsitilmoqda. Hindiston shimoli-sharqiy shtatlari aholisi ham qonunga e'tiroz bildirgan — endi ular Bangladeshdan kelgan millionlab odamlar ularning shtatlarida doimiy qolib ketishidan xavotirda. Bu tuzatishlarni mahalliy aholi manfaatlariga zid deb hisoblagan musulmonlar ommaviy norozilik aksiyalarini boshladi.
Hindiston hukumati esa yangi tuzatishlar musulmonlarga qarshi qaratilmagani, yangi tartib ozchilikni ta'qiblardan himoya qilish uchun taqdim etilganini aytmoqda.
Musulmonlarga hujumlar haqidagi dastlabki xabarlar Mishra politsiya uch kun ichida musulmonlarning namoyishlarini to‘xtatishi kerakligini, aks holda odamlar ko‘chalarga chiqishini ma'lum qilganidan ko‘p vaqt o‘tmay kela boshladi.






















