O‘shanda jurnalist Listev ORT (Obshchestvennoye Rossiyskoye Televideniye — Rossiya jamoatchilik televideniyesi, hozirgi «Pervyy kanal») direktori sifatida ish boshlaganiga endi bir oy bo‘lgan edi.
1956 yilning 10 mayida Moskva shahrida tug‘ilgan Vladislav Listev keyinchalik Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetining xalqaro bo‘limini tugatgan. 1982 yilda o‘qishni tugatgach, SSSR davlat teleradio qo‘mitasining bosh propaganda tahririyatiga xorijiy davlatlarga radioeshittirishlar muharriri bo‘lib ishga kirgan.
1987 yilda u Markaziy televideniyening yoshlar tahririyatiga ishga o‘tib, «Vzglyad» dasturi boshlovchilaridan biri bo‘ladi. «Vzglyad» dasturining muvaffaqiyatidan ilhomlangan Listev va uning hamkasblari «VID» («Vzglyad I Drugiye») telekompaniyasiga asos solishdi. Bu komapniya hanuz «Pervyy kanal» uchun ayrim teledasturlarni tayyorlab kelmoqda.
Listev 1991 yildan «VID» telekompaniyasining bosh prodyuseri, 1993 yilning oktyabridan uning prezidenti bo‘ladi. «VID» telekompaniyasida ishlagan vaqtlarida Listev «Pole chudes» («Mo‘jizalar maydoni») kapital-shousi, «Tema» («Mavzu») va «Chas pik» («Tig‘iz vaqt») kabi teleko‘rsatuvlar muallifi va boshlovchisi bo‘ldi. Shuningdek u «Zvyozdnyy chas» («Yulduzlik soati»), «L-klub», «Serebryanyy shar» («Kumush shar») va «Ugaday melodiyu» («Navoni top») dasturlari dasturlarini yaratgan.

Aynan shu davrda u kompaniyadagi sheriklari bilan mojaroga kirisha boshlagan. «Vlad Listev. Pristrastnyy rekviyem» («Vlad Listev. Otashin motam kuyi») kitobida yozilishicha, Listev kompaniya prezidentligidan o‘z hamkasblari tomonidan ketkazilgan (uning o‘rnini Aleksandr Lyubimov egallaydi).

1995 yilning yanvarida Listev «VID» telekompaniyasidan ketadi va 31 yanvar kuni Birinchi kanalning ORT telekompaniyasiga bosh direktor etib tayinlanadi. Rossiyalik yozuvchi va jurnalist Aleksandr Kondrashov o‘zining «Qayta qurish bitllari» kitobida shunday yozadi: «Berezovskiy ORTning bosh direktorligi lavozimiga Listevni tanlashiga sabab — barcha nomzodlar ichida faqat uning «titulli beshinchi punkti» bor edi». Ya'ni, yozuvchi Listev yahudiy millatiga mansub bo‘lganiga shama qilmoqda.















