O‘zbekiston | 14:10 / 04.03.2020
23737
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyat hokimligiga savol: yakshanba dam olish kunimi yo hashar?

2020 yil boshidan mamlakatda ishchi-xizmatchilarning munosib dam olishlari, ular mehnat qonunchiligiga binoan, dam olish kunlarini oila a'zolari bilan o‘tkazishlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Biroq, joylarda obodonlashtirish maqsadida yakshanba kunlari hashar o‘tkazish holatlari ko‘zga tashlanmoqda.

Bahorning ilk kuni yakshanba bo‘lishiga qaramay, avvaldan belgilab qo‘yilgani bois, Toshkent viloyatining Ohangaron va Bo‘stonliq tumanlaridan tushgan murojaatlarni o‘rganish maqsadida yo‘lga chiqdik. Toshkent-Olmaliq yo‘liga tushib olarkanmiz, yo‘llar o‘rtasidagi to‘siqlarni yuk mashinalari yuvib borayotganiga ko‘zimiz tushdi.

Ohangaronga burilishimiz bilan yo‘lning ikki yonida sariq nimchali xodimlar ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Kimdir yer ag‘darayotgan bo‘lsa, yana kimdir daraxtlarni ohaklamoqda, ko‘pchilik bo‘lib archa ko‘chatlarini o‘tqazayotganlar ham bor. Boshqa bir guruh yo‘l chetlaridagi beton ustunchalar, to‘siqchalarni oqlamoqda.

Bugungi kunda davlat rahbariyati va hukumat tomonidan ishchi-xizmatchilarning yakshanba kunlarini oila bag‘rida o‘tkazishlariga katta e'tibor berilayotgani, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Bosh prokuratura Mehnat kodeksi talablariga rioya qilinishi qat'iy nazoratda ekanligini so‘zlab turgan bir vaqtda, obodonlashtirish bo‘limi xodimlarining yoppasiga bir hududda ishlashi bois, qiziqishimiz yanada ortdi.

Murojaatchilar bilan uchrashib qaytar ekanmiz, yo‘lning bir chetiga to‘xtab, ishchilar va shu yerda ishni nazorat qilinayotgani ko‘rinib turgan kishilarni savolga tutdik.

– Bugun yakshanba bo‘lishiga qaramay, obodonlashtirish bo‘limi xodimlari ishlamoqda. Ularga yakshanba dam kuni hisoblanmaydimi?

– Endi, hashar deyishgan edi.

– Hasharni faqatgina davlat rahbarining o‘zlari belgilaydi va e'lon qiladi-ku axir.

– To‘g‘ri, aka, nima savolingiz bo‘lsa, rahbarimizga bering, biz kichkina odam. Shu atrofda yuribdilar, falon raqamli «Neksiya-3»da.

Biz «Neksiya-3»ni qidirar ekanmiz, yo‘limizda davom etdik. Ohangaron shahrining markaziy yo‘li chetlarida esa, obodonlashtirish xizmati xodimlari ishlamoqda. Toshkent yo‘liga tushishga yaqin qolganimizda yana to‘xtadik. Ammo biz izlagan «Neksiya-3»ga ko‘zimiz tushmadi. Bu yerda zarg‘aldoq nimchalarining ortiga «Yangiyo‘l obodonlashtirish bo‘limi», deb yozilgan ishchilarni ko‘rgach, hashar ko‘lami kengligini angladik. Bu yerda ishlayotganlarga rahbarlik qilayotganlarni savolga tutamiz.

– Hormang, aka. Ohangaronda hashar bo‘lyapti, ekan-da. Yangiyo‘ldan ham kelishibdimi yordamga?

– Salomat bo‘ling. Xuddi shunday aka.

– Prezidentimiz barcha davlat tashkilotlarida ishlayotganlar dam olish kunini oilasi bag‘rida o‘tkazsin, demoqda. Bu ishchilarning ham oilasi bordir?

– Bu yo‘ldan davlat rahbari o‘tadi, shunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

– Tushundim, ammo bugun yakshanba bo‘lsa. Yakshanba dam olinglar deyapti. Qolaversa, davlat rahbarimizning o‘zlari Sirdaryoga borganlarida qayer qanday ahvolda ekanligini juda yaxshi bilishlarini, ko‘zbo‘yamachilik qilish kerakmasligini, barchasiga bir yarim yilda erishib bo‘lmasligini ham aytgan edilar-ku.

Suhbatimiz shu yerda tugadi. Biz yo‘limizga ravona bo‘ldik. Ushbu holatni batafsil yozishdan maqsad – qaysidir viloyatda hashar o‘tkazilayotganiga alohida urg‘u qaratish emas, aksincha, barcha birdek dam olishga ham haqi borligini yana bir bor yodga solishdir.

Ta'kidlash o‘rinliki, suhbatdoshlarimiz hashar tashabbuskori kimligi haqidagi savollarimizga aniq javob berishmadi.

Shu bilan birga, bunday holat boshqa viloyatlarda bo‘lmayapti, deb hech kim ayta olmaydi. Obodonlashtirish ishlari kerak, uni hamma o‘z uyidan boshlashi lozim, ammo qog‘ozga yozilgan qonunlar qog‘ozda qolib ketmasin, balki barcha unga birdek rioya qilsin, deymiz.

Zero har bir erkin va ozod fuqaro dam olish kunida dam olish, oilasi va farzandlari davrasida bo‘lish, ota-onasi yoki boshqa yaqinlari xolidan xabar olish huquqiga ega.

Darvoqe, Mehnat kodeksining 157-moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. Dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. 

Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyat hokimligidan Ohangaron va Yangiyo‘l tuman (va katta ehtimol bilan boshqa tumanlar) obodonlashtirish bo‘limining o‘z xodimlarini yakshanba kuni ishga jalb etishiga asos bo‘lgan hujjat va shu kuni ishlaganligi uchun xodimlarga qanday kompensatsiya belgilanganiga oid munosabatini kutib qolamiz.

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid