O‘zbekiston | 09:31 / 19.03.2020
1872
5 daqiqa o‘qiladi

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi qoidalarni ishlab chiqish tartibi tasdiqlanadi

Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga kiritish tartibi tasdiqlanadi

Foto: AFP

Vazirlar Mahkamasining “Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga kiritish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Tartibga ko‘ra, normalar va qoidalar atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyat olib boruvchi barcha jismoniy va yuridik shaxslar uchun majburiy bo‘lgan atom energiyasidan foydalanish obektlarining va mazkur sohadagi faoliyatning xavfsizligi talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.

Normalar va qoidalar atom energiyasidan foydalanish, atom energiyasidan foydalanish obektlarini jisman himoya qilish, yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilarni hisobga olish, nazorat qilish va jisman himoya qilish sohasidagi xavfsizlikni ta'minlash bilan bog‘liq bo‘lmagan texnik va tashkiliy talablarni belgilamasligi lozim.

Normalar va qoidalarda belgilangan talablar fan, texnika va ishlab chiqarishning zamonaviy rivojlanish darajasiga asoslanishi, shuningdek, O‘zbekiston ishtirok etadigan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini inobatga olishi lozim.

 Normalar va qoidalarni ishlab chiqish o‘z vakolatlaridan kelib chiqqan holda atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ, atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari va atom energetikasi sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan amalga oshiriladi.

Ishlab chiquvchi tashkilot normalar va qoidalarni ishlab chiqishga o‘rnatilgan tartibda ilmiy-texnik qo‘llab-quvvatlash tashkilotlarini, oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarni, shuningdek mustaqil ekspertlarni jalb qilishga haqlidir.

Normalar va qoidalarni ishlab chiqish:

atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishda xavfsizlikni ta'minlash zaruriyatidan kelib chiqib;

O‘zbekiston ishtirok etadigan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va atom energiyasidan foydalanish sohasidagi milliy va xalqaro tajribani hisobga olish zaruriyatidan kelib chiqib;

O‘zbekistonning normativ-huquqiy hujjatlariga o‘zgartirish kiritilishi munosabati bilan amalga oshiriladi.

Normalar va qoidalar loyihasini ishlab chiqish uchun ishlab chiquvchi tashkilot o‘z tarkibiy tuzilmalari, ilmiy-texnik qo‘llab-quvvatlash tashkilotlari va zarur xollarda boshqa vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh shakllantiradi.

Normalar va qoidalarni ishlab chiqish rejasi ishchi guruhning muhokamasi natijalariga asosan tuzilishi lozim.

Ishlab chiquvchi tashkilot zarur bo‘lganida o‘z vakolati doirasida normalar va qoidalar loyihalarini ishlab chiqilishini davlat organlari, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, alohida fuqarolarga o‘rnatilgan tartibda topshirishga yoki kelishuv asosida buyurtma berishga haqli.

Normalar va qoidalarni ishlab chiqish texnik topshiriq va tarmoq jadvali asosida amalga oshiriladi.

Texnik topshiriq va tarmoq jadvali ishlab chiquvchi tashkilotning hujjat bilan tartibga solinayotgan masala taalluqli bo‘lgan rahbari o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.

Normalar va qoidalarni kelishish o‘rnatilgan tartibda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Normalar va qoidalar loyihasida boshqa vazirlik va idoralar manfaatlariga yoki vakolatlariga daxl qiluvchi normalar mavjud bo‘lsa, ushbu hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilishi lozim.

Atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha alohida vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari va atom energetikasi sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan ishlab chiqilgan normalar va qoidalar atom energiyasidan foydalanish xavfsizligini davlat tomonidan tartibga soluvchi maxsus vakolatli organ bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Normalar va qoidalarni kelishish davomida vazirlik va idoralar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, bunday hujjat kelishmovchiliklar bartaraf qilinguniga qadar qabul qilinishi mumkin emas.

Agar kelishmovchiliklarni bartaraf qilishning imkoni bo‘lmasa, idoraviy normativ-huquqiy hujjatni tayyorlashga mas'ul bo‘lgan vazirlik yoki idora bu masalani batamom hal qilish uchun Vazirlar Mahkamasiga yoxud boshqa yuqori turuvchi organga murojaat qilishi lozim.

Mavzuga oid