Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hududida YPX xodimi tomonidan jarima maydoniga olib ketilayotgan Damas rusumli avtomashina ag‘darilib ketgani tasvirlangan video tarqaldi.

Kun.uz surishtiruvida aniqlanishicha, hodisa 21 mart kuni sodir bo‘lgan. YPX inspektori R.Mo‘minov tomonidan to‘xtatilgan Damas avtomashinasini boshqarib kelayotgan fuqaro S.A.da haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi aniqlanib, unga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilgach, YPX xodimi avtomashinani jarima maydoni tomon minib ketayotganida mashinaning old o‘rindig‘ida o‘tirgan qoidabuzar haydovchi unga qarshilik ko‘rsatib rulga osiladi va avtomashina ag‘darilib ketadi.

Kun.uz tahririyati masalaning boshqa bir tarafiga e'tibor qaratishni lozim topdi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu holatda YPX inspektori o‘zgaga tegishli bo‘lgan transport vositasini boshqarish vakolatiga ega bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi «Qonun hujjatlari buzilgani uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 149-sonli qaroriga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda vakolatli davlat organlari (shu jumladan YPX inspektori – muallif) tomonidan ushlangan transport vositalarini saqlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tanlab olingan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Ushlangan transport vositalarini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun tanlab olingan yuridik shaxslar vakolatli davlat organining xabari (murojaati) asosida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini saqlash joyiga olib kelishni (tashishni) ta'minlaydilar.

Mazkur qarorda ham, ushbu qaror bilan tasdiqlangan «Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom