Yig‘ilishda Bosh prokuratura mas'ul xodimlari, viloyatlar, tuman-shaharlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Byuro rahbarlari hamda hududiy boshqarmalari boshliqlari ishtirok etishdi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar bermoqda.

 Ma'lum qilinishicha, selektorda karantin sharoitida aholini zarur oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari bilan uzluksiz ta'minlash, narx-navo barqarorligini saqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini to‘xtatgan sub'yektlar ishini tiklash, koronavirus bilan kasallanganlar, ayniqsa kasallikni yuqtirish manbayi aniq bo‘lmagan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

 Shuningdek, joylarda g‘alla parvarishi, chigit ekish, meva va sabzavotlar yetishtirish, aholi tomorqasidan samarali foydalanilishini ta'minlashda mavjud muammo va kamchiliklar keskin tanqid ostiga olindi.

 Bosh prokuror tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida joylarda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta'minlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ishsizlikning oshib ketishining oldini olish hamda boshqa dolzarb masalalar ijrosi borasida prokurorlar hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralarga faol yordam berishi, mas'uliyatni yanada oshirishi va tashabbuskor bo‘lishi lozimligi ta'kidlandi.

 Yig‘ilish yakunida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kechiktirib bo‘lmaydigan aniq vazifalar belgilab olindi.