Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Toshkent shahri, Namangan, Jizzax va Xorazm viloyatlarida koronavirusdan zararlanganlarning navbatdagi guruhlari tuzalib, ularga javob berilgani haqida xabar qildi.

Namangan viloyatida 4 nafar, Jizzax viloyatida esa 2 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butkul sog‘aydi. Ular viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.
Namanganda sog‘ayganlarning 1 nafari erkak, 3 nafari ayol, barchasi ushbu viloyatdan. Ularning barchasi koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Eng yoshi kattasi 66 yoshda, eng yoshi kichigi 31 yoshda. Viloyatda shu paytga qadar 57 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 61 nafarga yetdi.

Jizzaxdan tuzalib chiqqan 33 yoshli va 31 yoshli bemorlar (erkak) jizzaxlik bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan avval 1 nafar fuqaro sog‘ayib chiqqan edi. Endilikda ushbu viloyatdagi koronavirusga chalingan barcha bemorlar to‘liq sog‘ayib chiqishdi.

Toshkent shahridagi Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 14 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan esa 2 nafar bemor butkul sog‘ayib, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida sog‘ayganlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ulardan 9 nafari Turkiyadan Istambul – Toshkent yo‘nalishida, 3 nafari Rossiyadan Moskva – Toshkent yo‘nalishida, 1 nafari esa Seul – Toshkent yo‘nalishida charter reyslar orqali kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 1 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 8 nafari erkak, 6 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 63 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 12 yoshda. Ushbu klinikada shu paytga qadar 49 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 63 nafarga yetdi.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayib chiqqan 53 yoshli va 38 yoshli bemorlar (ayol) Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Mazkur klinikada shu paytga qadar 75 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 77 nafarga yetdi.