Jahon nashrlarida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning ehtimoliy o‘limi to‘g‘risida ikki kun davom etgan shov-shuvlar dushanba tongida biroz tinchidi. «Bizning hukumat pozitsiyasi tasdiqlandi. Kim Chen In tirik va sog‘. U 13 apreldan buyon Vonsanda. Hozircha hech qanday shubhali harakatlar qayd etilmadi», dedi Janubiy Koreya prezidentining maslahatchisi Mun Chjon In.

Voqealar rivoji
So‘nggi haftalarda Shimoliy Koreya yetakchisi o‘lgani yoki komada yotgani to‘g‘risida juda ko‘p xabarlar tarqaldi. Hozircha ularning birortasi rasmiy emas: yangiliklar jurnalistikasi standartlariga ko‘ra, «anonim, ammo vaziyat haqida yaxshi xabardor manba»ga tayangan har qanday yangilik yana nimagadir asoslangan bo‘lishi kerak. Taniqli ekspert yoki amaldor o‘z shaxsi sir tutilishini so‘ragan vaziyatlar bo‘ladi, ammo ba'zida tekst mualliflari o‘z xayolotidagi manbaga asoslanib xabar tarqatishi ham mumkin.

Bu davlatdan tarqaladigan yangiliklarga ishonch kam. Lekin mish-mishlar ham turlicha bo‘ladi, KXDR bilan bog‘liq masalalarda esa ikki jihatni yodda tutish lozim. Birinchidan, mamlakat yopiqligi uni hayplar manbayiga aylantirgan, shuning uchun Shimol haqidagi har qanday yangilik yaxshi tarqaladi. Ikkinchidan, Pxenyanga qarshi tashviqot — sira ham illyuziya emas, bunda aqlga sig‘mas mish-mishlar juda muhim rol o‘ynaydi.

Yangiliklar bozoriga KXDR haqida qo‘rqinchli xabarlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan bir necha manbalar bor. Shulardan biri — Shimol haqida yozishga ixtisoslashgan Daily NK portalidir. «Kim koma holatida ekani haqida»gi aprel to‘lqini aynan shu nashrdagi yangilikdan boshlandi. Daily NK nashrini Janubiy Koreyadagi internet-agentlik deb ataydiganlar ham bor. Ammo aslida ushbu tashkilot Shimoliy Koreya va Xitoyning janubiy chegaralarida o‘z xabarchilari tarmog‘iga ega bo‘lgan konservatorlar va protestantlar tashkiloti hisoblanadi.

  • Albatta, ularning shaxsi oshkor etilmaydi, aks holda ularni oilasi bilan birga o‘ldirishadi. Dunyo navbatdagi qo‘rqinchli ma'lumotni navbatdagi anonim manbadan olishga majbur bo‘ladi.

Yana bir oddiy savol: bu yoki boshqa OAV shunday ma'lumotlarga qanday qilib ega bo‘lishi mumkin? Masalan, «KXDRdagi vorislik» masalasi juda tor doiralarga ma'lum. Ammo yapon gazetasi jurnalistlari to‘satdan Shimoliy Koreyadagi kadr o‘zgarishlari haqida xabardor bo‘lib chiqdi - Yomiuri gazetasi ushbu davlat 2019 yildan buyon hokimiyat o‘zgarishiga tayyorlanayotgani, Kim Chen In o‘rnini uning singlisi Kim Yo Chjon egallashi haqida yozdi. Lekin katta ehtimol bilan ular ayrim ma'lum faktlar asosida o‘z nazariyalarini yaratishgan va uni sirli manba bilan mustahkamlashgan.

Bu vaqtda anonim bo‘lmagan manbalar Kim vafot etgani yoki komaga tushgani haqidagi xabarlarni rad etishdi, yoki ayrimlar, xususan, Amerika razvedkasi bu masala o‘rganilayotganini ma'lum qildi. CNN agentligining shimolliklar yetakchisi uchun «o‘lim xavfi» yuzaga kelgani haqidagi xabarida bu haqda xabar bergan bitta anonim manba ma'lumotiga shubha bilan qaragan bir anonim va ikki ekspert fikrlari ham keltirilgan.