19-oktabr kuni Kimning komaga tushgani haqida Britaniyaning The Sun, Amerikaning New York Post tabloidlari va Hindistonning Economic Times nashri yozdi. Ular «ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari»ga tayanib, KXDR yetakchisi miyasiga qon quyilishi oqibatida komaga tushib qolgani va Pekindagi shifoxonalardan biriga yotqizilganini taʼkidlagan.

KXDR bu xabarlarga izoh bermadi, biroq 20-oktabr kuni Koreya markaziy telegraf agentligi Kim oʻz oilasi bilan Pxenyandagi kiyim-kechak va poyabzal koʻrgazmasiga tashrif buyurgani haqida reportaj eʼlon qildi. Taʼkidlanishicha, bu voqea bir kun avval yuz bergan.

Janubiy Koreyaning “Yonhap” agentligining qayd etishicha, AQShda yashovchi taniqli xitoylik dissident Vanjun Se tomonidan X ijtimoiy tarmogʻida qoldirilgan xabar mish-mishlarning birlamchi manbasi boʻlgan. Se dastlabki postda Kimning Xitoyda shifoxonaga yotqizilganiga qaramay vafot etganini iddao qilgan.

Janubiy koreyalik diplomatlar va razvedkadagi manbalar Kim Chen Inning komaga tushgani haqidagi daʼvolarni tasdiqlovchi “hech qanday maʼlumot eshitmaganliklari”ni maʼlum qildi.

Sentabr oyida Janubiy Koreya razvedkasi parlamentga hisobot taqdim etib, unda Kim oʻta ogʻir darajadagi semizlikdan aziyat chekayotganini taʼkidlagan edi: boʻyi 170 santimetr boʻlgani holda, u 140 kilogramm tosh bosyapti. Shu bilan birga, razvedka hisob-kitoblariga koʻra, “davolovchi shifokorlar guruhining sinchkov kuzatuvi inobatga olinsa”, KXDR yetakchisining sogʻligʻida jiddiy muammolar borligidan darak beruvchi alomatlar yoʻq.

KXDR rasmiylari Kimning sogʻligʻi haqida hech qachon xabar bermagan.