27 aprel kuni Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern mamlakat virusga qarshi jangda g‘olib bo‘lganini e'lon qildi va so‘nggi kunda virusdan zararlanishning yangi holati qayd etilmagani tufayli ko‘plab cheklovlar qilindi. Ushbu mamlakatda bemorlarning 80 foizi tuzalib ketgan. Taqiqlar bekor qilinishi ortidan odamlarga baliq tutish, ov va piyoda sayr qilishga ruxsat berildi. 400 ming kishi ishga qaytdi. Ammo restoran va do‘konlar yana biroz muddat yopiq turadi.

Quyida Yevropa davlatlari normal hayot tarziga qay yo‘sinda qaytayotgani ko‘rib chiqiladi.

Ispaniya. 25 aprel kuni Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ba'zi cheklovlar bekor qilingani haqida e'lon qilgandi. 6 haftadan so‘ng, nihoyat yakshanba kuni ko‘chalarda bolalar kulgisi eshitildi.

Biroq fuqarolar uchun qat'iy qoidalar hali ham amalda. Masalan, ular faqat ertalabki 9 va kech soat 9 oralig‘ida uylarini bir soatga tark etishlari mumkin. Ammo ular uylaridan bir kilometrdan uzoqqa ketmasligi lozim. Hukumat 2 maydan boshlab katta yoshdagilarga sayr qilish va sport bilan shug‘ullanish uchun ruxsat beradi.

Ushbu mamlakatda 13 apreldan e'tiboran muhim infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lmagan korxonalarga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlangan. Sanoat va qurilish sohasida ishlaydigan kompaniyalarning xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda – niqob taqqan va ijtimoiy masofani saqlab ishlashlariga ruxsat berilgan.

AFP/GETTY IMAGES

Italiya. 4 maydan boshlab Italiyada istirohat bog‘lari ochiladi. Oilaviy yig‘ilishlarga, shu jumladan, 15 kishidan oshmagan odamlar ishtirokidagi dafn marosimlariga ruxsat beriladi. 18 maydan muzey va kutubxonalar faoliyati tiklanadi. Shuningdek, sport jamoalari guruh mashg‘ulotlarini qaytadan boshlashi mumkin. Ammo maktablar yangi o‘quv yiliga qadar – sentyabrgacha yopiq bo‘ladi. Hukumat iyungacha bar va restoranlarni ochishni rejalashtirmagan. Mintaqalar orasidagi harakat yopiq holda qolishda davom etadi.

Fransiya. Mamlakatda 11 maydan boshlab boshlang‘ich maktab o‘quvchilari guruhda 15dan ortiq bo‘lmagan holda o‘qishni davom ettirishi rejalashtirilyapti. Ta'lim vaziri Jan-Mishel Blankuyening so‘zlariga ko‘ra, 18 may kuni o‘rta maktablar ochiladi. Yuqori sinf o‘quvchilari 25 maydan, universitetlar esa iyun oyi boshlaridan o‘qishni boshlashi mumkin.