Narendra Modi bu haqda Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida Bishkekda Vladimir Putin bilan oʻtkazilgan uchrashuvda gapirdi. Suhbatdan parchalar 31-avgust kuni Kreml saytida eʼlon qilindi.
«Cheksiz urushdan urushning yakuniga, harbiy harakatlarni tugatishga oʻtish zarur», dedi Hindiston bosh vaziri.
Modi Hindiston Ukraina boʻyicha barcha tinchlik saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlab kelayotganini va bundan keyin ham shunday pozitsiyada qolishini bildirdi.
Uning taʼkidlashicha, urush davom etayotgan har bir kun insoniyatni ortga sursa, tinchlik sari tashlangan har bir qadam butun insoniyatga umid beradi.
«Biz barcha muammolarni tinch yoʻl bilan hal qilishimiz kerak. Buni butun insoniyat talab qilmoqda», dedi Modi.
Vladimir Putin esa Rossiya va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar «alohida imtiyozli strategik sheriklik» tamoyillari asosida mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi.
Rossiya OAV keltirgan maʼlumotlarga koʻra, Modining urushni tugatish haqidagi chaqiriqlariga javoban Putin Moskva tinch yoʻl bilan tartibga solish yoʻnalishida harakatlanayotganini aytgan.
Hindiston Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bosqini boshlanganidan keyin ham Moskva bilan yaqin iqtisodiy aloqalarini saqlab qoldi. Xususan, mamlakat Rossiya neftini katta hajmda xarid qilishda davom etdi.
Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, Gʻarb sanksiyalariga tushgan ayrim tovarlar, jumladan, Rossiya harbiy sanoatida ishlatilishi mumkin boʻlgan mikrochiplar va dastgohlar ham Hindiston orqali Rossiyaga yetkazib berilgan.
Shuningdek, joriy yil yozida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga Ukraina hujumlari kuchayishi va mamlakatda yoqilgʻi taqchilligi yuzaga kelishi ortidan Moskva Hindistondan benzin xarid qilishni boshlagan. Bloomberg maʼlumotiga koʻra, birinchi partiya 5-avgust kuni Rossiyaga yetkazilgan.
31-avgust kuni Bishkekda Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Jinping bilan ham uchrashdi. Tomonlar Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.







