Fermer va dehqonlarning o‘zi yetishtirgan mahsulotini sotishiga qarshilik bo‘lishi mumkinmi?
O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi rahbari Muxtor Umarovga ko‘ra, ayrim tumanlarda eksportchilar mahsulotini erkin sotish borasida hududiy mas'ullarning turli bosimlariga duch kelmoqda.
Kun.uz uyushma rahbari bilan qisqa suhbat tashkil qildi va bu muammolar nimadan iborat ekanligiga qiziqdi.
«Hozir O‘zbekistonning deyarli barcha mintaqalarida meva-sabzavot mahsulotlari pishib boshladi. Bilasiz, bizda qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarining sezilarli qismi eksport qilinadi. Masalan, 2019 yilda O‘zbekistonning meva eksporti 1,2 mlrd, sabzavot eksporti esa 1,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qilgan.
Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil ba'zi qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Bular- tadbirkorlar, eksportyorlar, dehqonlarimizning bir hududdan ikkinchi hududga o‘tishlaridagi cheklovlar yoki bojxonaga oid hamda tabiiy ravishda yuzaga kelgan muammolar. Lekin tadbirkorlarimizni ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan boshqa bir muammo borki, bu fermer va hokimliklarga qo‘yilgan meva-sabzavot eksporti rejasi hisoblanadi.
Shu reja tufayli, tuman va viloyat hokimliklari yumshoq qilib aytganda bosim o‘tkazish orqali fermer, dehqon va eksportyorlarga mahsulotlarni o‘z tumanlaridan eksport qilishga majburlaydilar. Buni ochiq aytish kerak», – deydi Umarov.

Bu borada aynan qaysi hududlarda fermer, dehqon va tadbirkorlar faoliyatiga qarshiliklar bo‘lyapti, mazmunidagi savolimizga uyushma raisi «Masalan, Surxondaryo viloyati Angor tumanida», – deya javob berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday holatlar faqat Surxondaryoda emas, boshqa hududlarda ham ko‘p uchraydi.
«Deylik, vodiy viloyatidan bo‘lgan tadbirkorlar Surxondaryoga borib karam sotib olmoqchi bo‘lsa, hokimlik unga to‘sqinlik qilmoqda. Ular tadbirkordan o‘sha tumanning o‘zidan firma ochishni va mahsulotni ham o‘sha firma orqali, tuman hisobidan eksportga olib chiqishni talab qiladi.
Yaqinda bir hunuk voqea bo‘ldi. Rossiya fuqarosi bo‘lgan tadbirkor O‘zbekistondan mahsulot olib chiqib ketish uchun kelganida tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari uning hujjatlarini olib qo‘yib, viloyatdan chiqib ketishini talab qilishgan.









