Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning dastlabki olti oyida Oʻzbekistonning umumiy eksport hajmi 15,9 mlrd AQSH dollarini tashkil qilgan.

Eksport yoʻnalishlari boʻyicha Rossiya birinchi oʻrinni egalladi. Yanvar–iyun oylarida Oʻzbekistondan Rossiyaga 2,4 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilingan.

Ikkinchi oʻrinda Xitoy qayd etilgan - ushbu mamlakatga eksport hajmi 1,4 mlrd dollarni tashkil qildi. Afgʻoniston 961,5 mln dollarlik koʻrsatkich bilan uchinchi oʻrinni egallagan.

Keyingi oʻrinlarda Qozogʻiston - 717 mln dollar, Fransiya - 707,2 mln dollar va Hongkong - 543,1 mln dollar bilan qayd etilgan.

Shuningdek, Turkiyaga 516,2 mln dollar, Qirgʻizistonga 452,7 mln dollar, Birlashgan Arab Amirliklariga 353,4 mln dollar hamda Tojikistonga 333,3 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan.

Umuman, eksport hajmi eng yuqori boʻlgan ushbu 10 ta davlat hissasiga Oʻzbekiston umumiy eksportining 52,8 foizi toʻgʻri kelgan. Boshqa davlatlar hissasi esa 47,2 foizni tashkil etgan.

Shu tariqa, Rossiya Oʻzbekistonning eng yirik eksport bozori boʻlib qolmoqda. Uning oʻzi mamlakat umumiy eksportining qariyb 15 foizini tashkil etgan. Rossiya, Xitoy va Afgʻonistonning jami ulushi esa umumiy eksportning qariyb 30 foiziga teng.