Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi.

Maʼlum qilinishicha, Jizzax shahar soliq inspeksiyasi davlat soliq bosh inspektori X.Sh. yakka tartibdagi tadbirkor T.M.ning amaldagi 1,4 mln soʻmlik soliq qarzdorligini goʻyoki 17 mln soʻm deb koʻrsatgan.

U tadbirkorga ushbu qarzdorlikni toʻlamasa, bu haqda tegishli idoralarga maʼlum qilishini aytgan.

Shundan soʻng inspektor 9 mln soʻm evaziga qarzdorlikni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali «yoʻq qilib berish»ni vaʼda qilgani qayd etilgan.

Departament maʼlumotiga koʻra, soliq inspektori soʻralgan pulning 2 mln soʻmini firibgarlik yoʻli bilan avval olgan.

U qolgan 7 mln soʻmni Jizzax shahar soliq inspeksiyasi binosi oldida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi - firibgarlik bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.