O‘zbekiston | 15:48 / 03.05.2020
52906
6 daqiqa o‘qiladi

«Sharoitlar yetarli. Ammo bizni o‘ylantirayotgani – toshqinda qolgan uyimiz...» - Sirdaryodan reportaj

Sirdaryo viloyatida 1 may kuni ro‘y bergan texnogen ofat – Sardoba suv omboridagi avariya ortidan, viloyatning uchta tumanida yashovchi 70 mingdan ortiq fuqaro xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Kun.uz muxbiri vaqtincha ko‘chirib o‘tkazilganlar joylashtirilgan Gulistondagi muassasalardan birida bo‘ldi.

Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatiga 2 may holatiga ko‘ra 374 kishi joylashtirilgan.

Maktab-internat direktori Sirojiddin Muhammadiyevning aytishicha, ayni paytda Guliston shahridagi jami 11ta muassasada ko‘chirib keltirilganlarga zaruriy shart-sharoit yaratishga harakat qilinmoqda.

Sirojiddin Muhammadiyev

«Kunlarini maroqli o‘tkazishlari uchun baholi qudrat sharoitlar yaratib, yaxshi e'tibor qaratyapmiz. Maktabimiz sportga ixtisoslashgani uchun sharoitimiz bor – jihozlarimiz yetarli. Shaxmat, stol tennisi, voleybol, basketbol sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etyapmiz», – deydi internat direktori.

Evakuatsiya qilingan onaxonlardan birini suhbatga tortdik.

«Bunaqa bo‘lishini kutmagandik, albatta. Mana, uydan chiqib ketganimizga ikki kun bo‘lyapti. Bu yerda yaxshi qarashyapti. 3-4 mahal ovqat.

O‘zimiz bilan olib olgan narsalar asosan faqat hujjatlar bo‘ldi. Bunaqa paytda odam shoshib qolarkan. Baribir odam uyini o‘ylarkan. Nima qilay, boshqa iloji yo‘q», – deydi onaxon.

Suv bosgan hududdagi namunaviy uylardan birining egasi Azizbek Islomov xonadonini 2017 yilda olganini aytadi.

Azizbek Islomov

«2015 yilda Buxorodan xizmat safari bilan kelib, shu yerda qolgandim. 2017 yilda shu yerdagi namunaviy uylardan birini olganman. 1 may kuni tong saharda hovlida ishlayotganimda mahalla posboni chaqiruvi bilan ko‘chaga yugurib chiqdim. «Bolalarni olib tashqariga chiqinglar, evakuatsiya boshlandi. Sardoba suv omboridagi 6-piketdan suv chiqishi oqibatida suv bosib kelyapti», degan xabarni eshitdik.

Bolalarim, oila a'zolarim bilan yugurganimizcha ko‘chaga chiqdik. Ichki ishlar xodimlari, mahalla posbonlari yuk avtomobilini tashkil etib berishdi, unda Mirzaobod tumaniga yetib keldik. U yerdan avtobusga chiqib, Guliston shahridagi maktab-internat yotoqxonasiga keldik, shu yerga joylashtirishdi.

Yotoqxonaga kelganimizda bizni yaxshi kutib olishdi. San-epidemiologiya stansiyasi xodimlari haroratimizni, qon bosimimizni o‘lchab jurnalga qayd etib qo‘yishdi», – deydi Azizbek Islomov.

Hamshira Munira Hasanova muassasada sanitariya normalariga rioya etilishi jiddiy nazoratga olinganini bildirdi.

Munira Hasanova

«Niqob bilan ham ta'minlab turibmiz. Fuqarolarning harorati, qon bosimini o‘lchab turibmiz», – deydi u.

Ko‘chirib keltirilgan ayollardan biri toshqin uyigacha yetib bormagani, ammo boshqalarni o‘ylab siqilayotgani haqida gapirib o‘tdi.

«Xudoga shukr, biz yashayotgan joygacha bormabdi. Lekin boshqa joylarda boshqa odamlarning uylarini suv bosgandan keyin ularni o‘ylab siqilarkan odam. Bizning boshimizdan o‘tganida nima bo‘lardi, deb. Boshqalar tinch bo‘lsin, degan xavotirdamiz», – deydi hamyurtimiz.

Muassasada bo‘lganimizda xayriya yordamlari kelib turganiga guvoh bo‘ldik. Shunday aksiyalardan biri Germaniyada yashayotgan vatandoshimizlarning «Kuch birlikda» xayriya aksiyasi bo‘lib, xayriya harakati vakilining aytishicha, yig‘ilgan mablag‘ga gigiyenik vositalar xarid qilingan.

Maktab-internatda bir guruh ko‘ngillilar ham ish olib bormoqda. Ular orasida Yoshlar ittifoqi faollari bilan birga shu hududda yashovchi aholi vakillari ham bor.

«Shu yaqin atrofda yashaganimiz uchun ko‘ngilli bo‘lib keldik. Ko‘chib kelgan hamyurtlarimizga yordam beryapmiz. Oziq-ovqat bilan ta'minlanyapti, ro‘zadorlar uchun ham sharoitlar qilib berilyapti», deydi volontyor Ulug‘bek Nabiyev.

«Albatta, moddiy jihatdan yordam bera olmasmiz, lekin ozgina bo‘lsa-da ko‘mak berib, hissa qo‘shsak, shundan xursand bo‘lamiz. Ishimiz og‘ir emas, aholiga kerakli oziq-ovqat, kiyim-kechak tarqatdik. Bu holatga hech kim e'tiborsizlik qilayotgani yo‘q, hamma qo‘lidan kelgancha yordam beryapti», deydi Shahnoza Samatova.

Reportajimizni suv toshqinida qolgan namunaviy uylardan birining egasi Azizbek Islomovning fikrlarini keltirish bilan yakunlaymiz.

«Odam xayolidan nimalar o‘tyapti? Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmlarni ko‘ryapmiz, uyimizning faqat tomi ko‘rinib turibdi. Ichidagi jihozlarimiz, necha yillar qilgan mehnatlarimiz samarasini bir necha soatda yo‘qotib qo‘ydik.

Tushkunlikka tushdik, ayolim obedgacha o‘ziga kela olmadi. Kun davomida yig‘lab, o‘zini nima deb ovutishni bilmadi. O‘zim Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidan ko‘chib kelganman. Bundan 3 kun oldin Qorako‘lda ham kuchli ofat bo‘lgandi. Kuchli shamol oqibatida tarmoq uzilib, ikki kun u yerdagilar bilan gaplasha olmadik, hol-ahvol so‘ray olmadik. Ulardan endi ko‘ngil so‘raymiz, deganda o‘zimizning ham boshimizga tashvish tushdi.

Yurtboshimiz Buxoro viloyatiga borgandilar, bu yerga ham keldilar. Soat 14lar chamasi kelib, biz bilan uchrashdi, fikr-mulohazalari bilan dalda bo‘ldi. Keyinroq soat 16larda bosh prokuror xonamizga keldilar. Rahbarlarimizning o‘zlari kelganlariga ko‘nglimiz ancha yorishdi. Ortimizda yurtboshimiz, vatanimiz borligini his qildik. Bizni tashlab qo‘ymasliklarini aytib, «har biringiz – mening farzandlarim, bolalaringiz – mening nabiralarim» degan so‘zlaridan men ham, ayolim ham ancha xotirjam bo‘ldik.

Oziq-ovqat, kiyim-kechakdan muammo yo‘q. Bizni o‘ylantirayotgani – tezroq uyimizni ta'mirlab olaylik.

Viloyatlardan kelayotgan, yordam jo‘natayotganlarga katta rahmat. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bir kishini bir kun mehmon qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Qarab turishmayapti, har kuni ko‘ryapmiz, yuklar kelyapti».

Mavzuga oid