Karantin cheklovlari davrida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatining to‘xtatilishi fuqarolarning ishsiz, daromadsiz qolishiga olib keldi. Xususan, mamlakatimizda umumiy ovqatlanish tarmog‘ida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat ko‘rsatishda 19 ming, transportda 7 ming korxona faoliyatini to‘xtatgani oqibatida aholi daromadlari sezilarli kamaygan.

Qiyin iqtisodiy vaziyat fuqarolarning to‘lovga qodir bo‘lmay qolishiga va kreditlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajara olmasligiga sabab bo‘ladi.

Shu sababli, hozirda banklar tomonidan kredit ta’tillari berilmoqda yoki fuqarolarning to‘lovga layoqatliligini oshirish maqsadida turli miqdor va shartlarda mikroqarzlar, zayomlar ham taklif etilmoqda. Biroq bunday shakllardagi choralar ham pandemiyaning uzoq vaqt davom etishi natijasida samarasiz bo‘lishi, fuqarolarning qarzlari yanada ortib ketishi mumkin.

Masalan, Rossiya Federatsiyasida olingan kreditlarning 90 foizdan ortig‘i avvalgilarini to‘lash uchun ishlatiladi.

Buning natijasida iste’mol kreditlari talabni rag‘batlantirmaydi va mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu o‘z navbatida, muddati o‘tgan kreditlar va umidsiz qarzlar ulushining keskin oshishini anglatadi.

Jismoniy shaxslar bankrotligi taomili zarur

Yuqoridagilarning barchasi ijtimoiy bozor iqtisodiyotining shakllanishi va rivojlanishiga yordam beradigan iqtisodiy munosabatlarning yangi qoidalari va standartlarini joriy etish zaruriyatini taqozo etadi.

Shu munosabat bilan, jismoniy shaxslarning bankrotligi institutini joriy qilish muhim ahamiyatga ega.

Ushbu tizim bozor iqtisodiyotida iqtisodiy munosabat ishtirokchilarining o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari va to‘lovga qodir emasliklarining salbiy oqibatlaridan himoya qilish mexanizmi vazifasini bajarishi mumkin.

Jismoniy shaxslar uchun bankrotlik taomilining mohiyati

Jismoniy shaxslarning, ya’ni fuqarolarning bankrotligi sud yoki vakolatli organ tomonidan fuqaroning moliyaviy majburiyatlarni bajarish va kreditorlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishga qodir emasligini tan olishni anglatadi.

Barcha mamlakatlarda bankrotlik to‘g‘risidagi qonunchilik qarzdorning bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirish imkoniyatini beradi. Jismoniy shaxslarning bankrot deb topish soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilib, yuridik shaxslarning bankrotligi taomilidan farq qiladi. Fuqarolarga nisbatan bankrotlik taomillarini qo‘llash natijasida esa bankrot deb topilgan fuqaro qondirilmagan kreditorlarning talablarini bajarishdan ozod etiladi.