Jamiyat | 17:21 / 18.05.2020
58704
3 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosariga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi xayriya pullarini o‘zlashtirish bo‘yicha jinoiy ish ochildi

Oqqo‘rg‘on tumanida «Mahalla» xayriya jamoat fondi va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasining 153,2 mln so‘mlik xayriya mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Mahalla» xayriya jamoat fondi va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi xayriya mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Oqqo‘rg‘on tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtorali Alishev va tuman «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N. oldindan til biriktirib, tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Mahalla» xayriya jamoat fondiga hamda 2020 yilda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln. so‘m pullarni o‘zlashtirishgan.

Shu bilan birga, 2020 yilda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lardan 44 mln so‘mni maqsadsiz sarflab, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 16 may kuni Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Muxtorali Alishev shu yilning 24 fevralida Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Avvalroq, Savdo sanoat palatasi raisi Adham Ikromov saxovat va ko‘mak masalasida xalqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri pul tarqatilishi o‘zini oqlamaydi degandi.

«Birinchidan, bu talon-toroj bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, odamlarning masalasini hal qilib bermaydi. Pul ishlatib yuboriladi, undan ko‘ra kelgusida tadbirkorlarimizga ish bilan ta'minlashi uchun, saxovat qilishi uchun yordam berilsa, yutug‘imiz ko‘proq bo‘ladi. Va bu dunyoning tajribasi ham. Chunki biznes ijtimoiy mas'uliyati. Hozir biz tanqid qilamizmi, boshqa qilamizmi, bironta davlatda, bironta hukumatda, JB bo‘ladimi, JSST bo‘ladimi, aniq belgilangan tashxis qo‘yish va davolash usullari yo‘q. 

Biz shu yo‘nalishni tanladik, ishontirib aytaman, iqtisodiyotimiz yurib ketdi sekin-sekin, qishloqlarimizda hayot qaynab yotipti, Markaziy bank qayta moliyalash stavkalarini 14–12 foizga qaytadan tushirishga, juda qattiq turibmiz. Undan tashqari, xorijdan kreditlarni olib kelish — bu juda katta masala. Xorijda juda arzon arzon kreditlar tayyor turibdi. Jahonda pul bor. Ularni unumli ishlatishimiz bu tadbirkorlar bilan birgalikda, bizning ovozimizni hukumat va Markaziy bank eshitishi shart deb o‘ylayman. Buni qo‘llab-quvvatlaymiz», degandi Adham Ikromov.

Mavzuga oid