Alisher Ro‘zioxunov (jurnalist): Osiyo taraqqiyot banki yaqin kunlarda koronavirusning jahon iqtisodiyotiga ta'siri bo‘yicha ma'lumotlarni yangiladi. Suhbatimizni shundan boshlasak, kiritilgan yangiliklar haqida aytib bersangiz.

Sindi Malvichini (OTB): Ha, odatda bankimiz har yili aprel oyida Osiyo rivojlanish rejasi nomli axborotnomani e'lon qiladi. Sentyabrda ushbu axborotnoma yana yangilanadi. Joriy yilda an'anaga sodiq qolib, axborotnomani e'lon qildik va unda koronavirusning global iqtisodiyotga ta'siri haqida ma'lumot berilishi aniq edi. Raqamlar kutilgandek quvonarli emas: 3 oy ixotalanishda yashash iqtisodiyotga qariyb 4 trillion dollar zarar qildi. Agar muddat cho‘zilsa, ahvol yana yomonlashadi. Xususan, Osiyoda ham bu kuzatilmoqda. Ammo Markaziy Osiyodagi vaziyat dunyoning boshqa davlatlarida bo‘lgani kabi juda yomon emas.

Shunga qaramay, bu mintaqaning iqtisodiy salohiyatiga putur yetkazadi. Masalan, bu Markaziy Osiyodagi katta iqtisodiyotga ega O‘zbekiston uchun taraqqiyotni bir yil ortga surishi mumkin.

A.R.: Ha, bu katta masala. Boshqa tarafdan xom-ashyo yetkazib berish masalasida ham muammolar boshlangan. Keyingi davrda mahalliylashtirish siyosati ustunlik qilishi haqida mish-mishlar yuribdi. Siz bunga qanday munosabat bildirasiz?

S.M.: Xom-ashyo va detallarni yetkazib berishdagi qiyinchiliklar allaqachon yirik kompaniyalar oldida paydo bo‘lgandi. Uning oqibatida ish o‘rinlari qisqarib, talab pasayishi kuzatildi. Mahsulotlarni eksport qilish ham qiyinlashdi. Ammo sog‘liqni saqlash tizimida narsalarni yetkazib berish masalasi biroz qiyinchilikka aylandi.

Hukumatlar pandemiyada masalaga jiddiy yondashmoqda. O‘zbekiston sog‘liq saqlash tizimiga ham virusga qarshi samarali kurash olib borishi uchun bir qancha tibbiy ashyolar kerak. Sun'iy nafas beruvchi apparatlar, tibbiyot xodimlarining himoya vositalaridan tortib, yalpi test o‘tkazish uchun resurslar zarur. Talab keskin oshyapti. Albatta, O‘zbekiston tibbiy himoya vositalarni ishlab chiqaradi va bunda davom etyapti. Ammo barcha mahalliy ishlab chiqaruvchilar tibbiy himoya vositalarini xalqaro standartlarga mos tayyorlashni bilmaydi. Balki biz ko‘p narsa mahalliy sharoitda ishlab chiqarishimiz mumkindir, kichik va o‘rta tadbirkorlar xalqaro standartlarga mos tovar ishlab chiqarib, uni bozorga olib chiqishi uchun biroz tajriba kerak.