Prezidentning “Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti faoliyatini tashkil etish hamda agrar ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali negizida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.
Quyidagilar Institutning asosiy ustuvor vazifalari etib belgilanadi:
qishloq xo‘jaligida resurs tejaydigan innovatsion va ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash, “aqlli qishloq xo‘jaligi” (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilimlar va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
startap-loyihalarni amalga oshirish orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish;
ilg‘or va ilmiy hajmdor texnologiyalarni joriy etish uchun texnoparklar va ilmiy ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish;
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarni keng joriy etish uchun amaldagi ta'lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi mexanizmini takomillashtirish;
ilg‘or xalqaro ta'lim standartlari hamda o‘quv dasturlariga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ta'limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlari asosida soha bo‘yicha innovatsion va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, ilg‘or xorijiy tajriba, yuqori unumli va resurs tejaydigan ilg‘or agrotexnologiyalar bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish;
ilg‘or xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini hamda talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish;
ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar hamkorligida dolzarb muammolar bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;









