Andijon viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, hodisa 17-avgust kuni soat 01:10 larda Andijon shahrining Mashrab ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Ushbu hududda xizmat olib borayotgan YPX xodimlari Onix rusumli avtomobil haydovchisiga «To‘xtash» ishorasini bergan. Biroq haydovchi xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, Lomonosov ko‘chasi tomon harakatini davom ettirgan.
Harakat davomida haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetida joylashgan do‘konga borib urilgan. Oqibatda avtomobil texnik shikastlangan, tan jarohati olganlar qayd etilmagan.
Hodisa joyiga yetib kelgan YPX xodimlari haydovchining hujjatlarini tekshirgan. Ma’lum bo‘lishicha, 1999-yilda tug‘ilgan U.M. avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqargan.
Shuningdek, mazkur transport vositasi bo‘yicha muddati o‘tgan 10 million so‘mdan ortiq qarzdorlik mavjudligi aniqlangan.
Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 2-qismi hamda 194-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ayni paytda Andijon shahar IIB YHXB xodimlari tomonidan holat yuzasidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.









