Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbar Sindi Malvichini mamlakatda noformal iqtisodiyotning o‘sishiga mehnat bozoridagi sharoit qattiq ta'sir o‘tkazishini bildirdi.
«Soyadagi iqtisodiyotning o‘sishiga turtki bo‘ladigan omillardan biri - mehnat bozorida ishchilarning munosib haq to‘lanadigan ishni topa olmasligidir. Bir yarim yil avval kichik tadbirkorlik sub'yekti talab etayotgan kasblar va ta'lim tizimi yetishtirib chiqayotgan kadrlar bog‘liqligini o‘rgandik. Shunda talabga ko‘ra mutaxassislar yetarlicha yetishmayotganini anglaganmiz», – deydi u.

O‘zbekistonda 2019 yil yakuniga ko‘ra, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,0 foizni tashkil etgan. Shunga qaramay, faqat 5 712,1 ming kishi rasmiy sektorda mehnat qiladi. Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni (mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) 5 368,3 ming kishini tashkil etdi.
Soliq islohotlari amalga oshirilgunga qadar, O‘zbekistonda noformal iqtisodiyot ta'siridan chiqib ketish qiyin bo‘lgan. Bu holat tadbirkor Zafar Hoshimov tushuntirib bergandi.
«Mehnatdan olinadigan soliq, shaksiz, mantiqsizlik edi. Iqtisodiyotning xususiy sektori ishchilarini yashirishga uringan yo «kulrang» sxemada maosh to‘lagan. Agar maoshlarni oshirib, «oq» yo‘l bilan buni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, kichik korxonalar 15, yirik korxonalar 25 foiz etib belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha, bundan tashqari pensiya jamg‘armasiga 8 foiz mehnatdan soliq to‘lash zarurligi bunga yo‘l qo‘ymagan. Oxir-oqibat ishchi qo‘liga qog‘ozdagi raqamning yarmi borib tegardi», – degan u 2019 yili tashkil etilgan uchrashuvda.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining amaliyotga joriy etilishi natijasida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yuki kamaytirildi, aylanma mablag‘lardan olinadigan soliqlar optimallashtirildi, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni bekor qilish va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini kamaytirish orqali soliq tizimi qayta ko‘rib chiqildi.









