Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalarida 2019/2020 o‘quv yili boshida jami 138,1 ming kishi talabalikka qabul qilinib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 114,5 ming kishini tashkil etgan (23,8 ming kishiga, yoki 20,6 foizga oshgan). Hududlar bo‘yicha oliy ta'lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichlarining yuqoriligi bo‘yicha Toshkent viloyati o‘tgan yilga nisbatan 40,3 foizga, Andijon viloyati 31,3 foiz va Farg‘ona viloyatida 25,7 foizga oshganligi kuzatildi.
2019 yilda bakalavr darajasiga ega bo‘lgan talabalar soni 65,4 ming nafarni tashkil etib, ularning 18,6 ming nafari davlat grantlari asosida ta'lim olgan. 2019 yilda bakalavriat bosqichini bitirganlarning 25,0 ming nafarini qizlar (38,3 foiz) tashkil etgan. 2020 yilda bakalavriatni 76,9 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda, ularning 22,1 ming nafari (28,7 foiz) davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarni tashkil qiladi.
2019-2020 o‘quv yili uchun magistraturaga jami 9362 nafar talaba qabul qilingan. Talabalardan, 44,1 foizi (4131 nafari) davlat granti asosida, 55,9 foizi (5231 nafari) to‘lov shartnomasi asosida qabul qilingan. 2018-2019 o‘quv yilida magistraturaga jami 5725 nafar qabul qilingan talabalardan, 27,2 foizi (1555 nafari) davlat granti asosida, 72,8 foizi (4170 nafari) to‘lov shartnomasi asosida qabul qilingan. Magistraturaga qabul kvotalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,8 foizga oshgan, shu jumladan, davlat granti asosida qabul kvotalari ham 2,7 barobarga ko‘paygan.
2019/2020 o‘quv yili boshida oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning jinsi bo‘yicha taqsimlanishida boshqa hududlarga nisbatan ayollar ulushining yuqoriligi Navoiy viloyatida 60,2 foiz, Sirdaryo viloyatida 56,2 foiz va Surxondaryo viloyatida 55,2 foizni tashkil etmoqda, erkaklar ulushining yuqoriligi bo‘yicha Toshkent shahri 61,1 foiz, Toshkent viloyati 59,9 foiz va Samarqand viloyatida 58,9 foizni tashkil etgan.
2019/2020 o‘quv yili boshida oliy o‘quv yurtlarida jami tahsil olayotgan bakalavriat bosqichida talabalar soni 424,9 ming nafarga yetgan bo‘lib, gumanitar sohada 206,9 ming nafar (48,7 foiz) talaba, Ijtimoiy soha, iqtisodiyot va huquq yo‘nalishlarida 41,6 ming nafar (9,8 foiz) talaba, ishlab chiqarish texnikasi sohasi yo‘nalishi 105,1 ming nafar (24,7 foiz) talaba, qishloq va suv xo‘jaligi 25,9 ming nafar (6,1 foiz) talaba, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot 27,1 ming nafar (6,4 foiz) talaba, xizmatlar sohasida 18,4 ming nafar (4,3 foiz) talaba tahsil olmoqda.
Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga qabul natijalari tahlilidan ko‘rinadiki, 100 o‘ringa to‘g‘ri keladigan eng yuqori ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida 1427 nafar, Sirdaryo viloyatida 1270 nafar va Surxondaryo viloyatida 1175 nafarni tashkil etadi.
















