Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi quyidagi mazmundagi 185-3-modda bilan to‘ldiriladi:

“185-3-modda. O‘yinga yoki uning natijasiga ta'sir o‘tkazish maqsadida kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish va ularda ishtirok etish

Sport o‘yinlari jarayoni yoki uning natijasiga noqonuniy ta'sir o‘tkazish maqsadida sportchi, sport hakami, treneri, sport jamoasi rahbari, boshqa ishtirokchi yoki rasmiy sport musobaqasi tashkilotchisi, shu jumladan, ularning rahbar va mutaxassis xodimlariga moddiy qimmatliklar berish, mulkiy manfaatdor etish orqali yoki boshqa tarzda kelishilgan o‘yinlarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish - bir yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Rasmiy sport musobaqasi jarayoni yoki uning natijasiga noqonuniy ta'sir o‘tkazish maqsadida sportchi, sport hakami, treneri, sport jamoasi rahbari, boshqa ishtirokchi yoki rasmiy sport musobaqasi tashkilotchisi, jumladan, ularning rahbar va mutaxassis xodimlari tomonidan moddiy qimmatliklar olish, mulkiy manfaatdor bo‘lish yoki boshqa tarzda kelishilgan o‘yinlarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish - bir yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ayni harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa - uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.