Bugun 7 hududda - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.
Bugungi 266 holatdan 247tasi karantin muassasalarida, 16tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 3 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.
Aholi orasida (+16)
Bugun olti hududda aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Ancha vaqtdan buyon ilk marta Andijon viloyatida aholi orasida yangi holatlar qayd etildi - 6 kishi virusga chalingani ma'lum bo‘ldi. Andijonda bugun jami 14 kishida virus aniqlandi - shu vaqtgacha qayd etilgan holatlar soni 209dan oshdi. Shundan 181 bemor sog‘aygan, shifoxonalarda 26 bemor davolanmoqda.
Samarqand viloyatida aholi orasida 4 holat qayd etildi. Ayni vaqtda viloyatdagi tibbiyot muassasalarida 46 bemor davolanmoqda.
Bugun shuningdek, Qoraqalpog‘istonda aholi orasida 2 bemor aniqlandi (ketma-ket ikkinchi kun), Toshkent shahrida ham 2 holat qayd etildi (bu so‘nggi vaqtlarda poytaxtda aholi orasida qayd etilgan eng kam holatdir), Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ham bittadan yangi bemorlar aholi orasida aniqlandi.
Karantin (+247)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 202 holat aniqlandi.











