Rossiya konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar qatorida ko‘plab bo‘limlar mavjud. Masalan, mehnat muhofazasi, ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi munosabatlar, Rossiya suvereniteti kabi boblardagi o‘zgarishlar. Ammo yangi o‘zgarishlarning juda shov-shuvli bo‘lishiga olib kelgan taklif bu – prezidentlik muddatlarini nollashtirish. Ya'ni, shu vaqtgacha bo‘lgan muddatlarning barchasini bekor qilish. Endi Putin 2024 yildan keyin ham yana ikki muddat prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishi va 2036 yilga qadar hokimiyatda qolishi mumkin bo‘ladi.
Natijalar
Markaziy saylov komissiyasi Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish bo‘yicha umummilliy ovoz berish natijalarini e'lon qildi. Protokollar 100 foiz hisob-kitob qilib chiqilganidan keyin, referendumda qatnashganlarning 77,92 foizi o‘zgartirishlarni yoqlagani, 21,27 foizi esa qarshi bo‘lganini bildirdi.
MSK raisi Ella Pamfilovaning ma'lum qilishicha, saylovda davomat 65 foizni tashkil etgan. Bu 1993 yildagi Konstitutsiya bo‘yicha referendumdagidan yaxshiroq, o‘shanda davomat 54,8 foizni tashkil etgan va saylovchilarning 58,4 foizi Konstitutsiyani ma'qullagandi.
Tuzatishlar prezident farmoni bilan kuchga kiradi. Konstitutsion qonunchilik bo‘yicha Federatsiya kengashi qo‘mitasi rahbari Andrey Klishasning ma'lum qilishicha, MSK natijalarni e'lon qilgach, prezident Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonini imzolashi mumkin bo‘ladi.
«Bobomning bahonasi». «Siyosiy umrboqiylik» uchun o‘zgargan konstitutsiyalar
Deyarli barcha regionlar «ha» dedi
Asosiy qomusga o‘zgartirishlar deyarli barcha hududlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Nenets avtonom okrugi ovoz beruvchilarning ko‘pchiligi tuzatishlarga qarshi ovoz bergan yagona region bo‘lgan.
MSK sayti ma'lumotiga ko‘ra, bu hududdagi saylovchilarning 55,25 foizi konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishiga qarshi chiqqan, 43,78 foizi qo‘shilgan. Bu hududda davomat 58,28 foizga teng bo‘lgan.
Shuningdek, London, Nyu-York, Berlin, Vena va Parijdagi konsulxonalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida ham ko‘pchilik tuzatishlarga «yo‘q» degan.
Ijtimoiy tarmoqda Yakutsk meri Sardana Avksenteva bilan bog‘liq voqea muhokama qilindi. Mer tuzatishlarga qarshi bo‘lib ovoz bergan. Ammo internetda u «ha» degani ko‘rsatilgan fotoshop tarqaldi. Keyinroq uning matbuot xizmati original suratni namoyish etdi va unda mer «yo‘q»ni belgilaganini ko‘rish mumkin.









