Putinni taxtda qoldirish yoki qoldirmaslik masalasi
Rossiya konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar qatorida ko‘plab bo‘limlar mavjud. Masalan, mehnat muhofazasi, ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi munosabatlar, Rossiya suvereniteti kabi boblardagi o‘zgarishlar. Ammo yangi o‘zgarishlarning juda shov-shuvli bo‘lishiga olib kelgan taklif bu – prezidentlik muddatlarini nollashtirish. Ya'ni, shu vaqtgacha bo‘lgan muddatlarning barchasini bekor qilish. Xuddi Chempionlar Ligasi guruh bosqichida olingan sariq kartochkalar pley-off bosqichida bekor qilingani kabi. Bu nima uchun qilinayotgani ko‘pchilikka sir emas: Putinni taxtda qoldirish uchun.
KGB agentligidan prezidentlikkacha
Putin Rossiya prezidentligiga qanday kelgani ma'lum. Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin 1999 yil yangi yil tabrigini yo‘llar ekan, hukumatdan ketishini e'lon qilgan va o‘rnini Vladimir Putin vaqtincha egallashini aytgandi. Yelsin xuddi Brejnevning hokimiyatdagi so‘nggi yillarida bo‘lgani kabi salomatligi juda yomon holatda iste'foga chiqqandi. Ammo demokratiya tarafdori bo‘lib taxtga kelgan Yelsin yaxshi deb baholash mumkin bo‘lgan 9 yillik faoliyatidan so‘ng taxtga yopishib olmadi va o‘rnini bo‘shatib berdi. Shubhasiz, biroz kuchsizlangandek ko‘rina boshlagan Rossiyani yana hamma hisoblashadigan derjavaga aylantirgani – Putinning rad etib bo‘lmas yutug‘i.
Stalin, Andropov kabi harbiy rahbarlarni ko‘rgan Rossiya uchun Putin juda yaxshi prezident edi. Sobiq KGB agenti, keyinchalik FSB rahbari, bundan tashqari nemis tilini suv qilib ichib yuborgan, xalqaro maydonda Rossiyaning birinchi bo‘lishi uchun hamma ishni qiladigan Putindan yaxshiroq nomzod bo‘lishi mumkinmidi? Prezidentlikdagi ilk kunlaridanoq qat'iyati va so‘zamolligini ko‘rsata olgan Putin allaqachon nafaqat oddiy bir slavyan davlatining rahbari bo‘lib, balki davlatchilik tarixidagi eng ahamiyatli siyosatchilardan biri sifatida tarixga kirdi.
Ajoyib kunlarning birida Putinning prezidentlik vakolatlari tugab, uning o‘rnini do‘sti Dmitriy Medvedev egalladi. Bir qarashda 2008 yilda Putinning davri tugayotgandek ko‘ringandi, ammo ko‘p o‘tmay o‘shanda hammasi endi boshlanayotgan bo‘lgani ayonlashdi. Putin mamlakat bosh vaziri sifatida faoliyatini davom ettiradi.
U shunchaki oddiy bosh vazir emas, davlatni idora qiladigan bosh vazir edi. Bu orada Medvedev qanaqa laqablar orttirmadi deysiz. Rossiya Gruziya bilan janggga kirishgan vaqtda Putin qayerda edi esingizdami? Pekinda. 2008 yil 8 avgust kuni Xitoy poytaxtida olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni Rossiya va Gruziya o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlanadi. Bu janglarni ham Putin Xitoyda turib boshqarib turgani aytiladi. Ha, 2008 yilda Putin davri tugamagan, aksincha endi boshlanayotgandi.


















