O‘zbekiston | 11:43 / 04.07.2020
29515
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda shovqin chiqaruvchi termoplast yo‘l chiziqlarini sinovdan o‘tkazish boshlandi

Chiziqlar faqatgina yo‘l-transport hodisalari oldini olish maqsadida chizilgan bo‘lib, sinov tariqasida qo‘llanilmoqda.

Foto: yhxbb.uz

Namangan viloyati yo‘llarida shovqin chiqaruvchi chiziqlar chizilishi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda charchoq holatida transport vositasini boshqarib, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yib harakatlanayotgan haydovchilar ko‘plab uchramoqda. Ushbu haydovchilar tomonidan turli ko‘rinishdagi yo‘l-transport hodisalari ham sodir bo‘layotganligi hech kimga sir emas. 

“Toshkent viloyatida chizilgani kabi Namangan viloyati yo‘llarida ham haydovchilarni hushyorlikka chaqiruvchi shovqin chiqaruvchi termoplast yo‘l chiziqlari chizilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, yo‘lda harakatlanib kelayotgan haydovchilar ushbu chiziqlar ustidan harakatlanib o‘tgan vaqtida shovqin yuzaga keladi va charchagan haydovchi shovqinni eshitib yetarlicha sergaklanadi.

Bu chiziqlar faqatgina yo‘l-transport hodisalari oldini olish maqsadida chizilgan bo‘lib, sinov tariqasida qo‘llanilmoqda, deyilgan ma'lumotda.

Mavzuga oid