Saida Mirziyoyeva Yangi Toshkentdagi qurilish jarayonlari bilan tanishdi va tadbirkorlarni shaharga sarmoya kiritishga chaqirdi. Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi istirohat bogʻi hududini koʻzdan kechirdi. Mashinasini mahallada katta tezlikda xavfli haydagan yigit qamaldi. Surxondaryoda Savdo-sanoat palatasi boʻlimi boshligʻi ushlandi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Saida Mirziyoyeva Yangi Toshkentdagi qurilish jarayonlari bilan tanishdi
«Shahar koʻz oʻngimizda shiddat bilan qad rostlamoqda va rivojlanmoqda. Hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan mazkur bunyodkorlik doirasida bugun ulkan, keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Britaniyalik meʼmorlar tomonidan puxta va uzoqni koʻzlab ishlab chiqilgan shahar konsepsiyasi kelgusi oʻn yilliklar uchun mustahkam asos yaratdi. Poydevor qoʻyildi, biroq shaharning ertangi kuni qanday boʻlishi endi bevosita oʻzimizga bogʻliq. Aynan shuning uchun tadbirkorlarimiz Yangi Toshkentga alohida eʼtibor qaratishlarini istardim. Bu yerga sarmoya kiriting, qurilish qiling, oʻz biznesingizni yoʻlga qoʻying. Mazkur maskanning istiqboli va imkoniyatlari beqiyos», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Shuningdek u tadbirkorlarni yangi shaharni birgalikda bunyod etishga chaqirdi.
Saida Mirziyoyeva Toshkentda yangi istirohat bogʻi hududini koʻzdan kechirdi
Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi istirohat bogʻi hududini koʻzdan kechirdi.
«Toshkentga koʻproq yashil maskanlar kerak. Ayniqsa, issiq iqlimimiz sharoitida daraxtlar, suv havzalari va soya-salqin joylar aholi turmush sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Bu yerda koʻl, koʻkalamzor maydonlar paydo boʻladi hamda oilaviy, bolalar bilan dam olish, sayr qilish, sport bilan shugʻullanish uchun barcha qulayliklar muhayyo qilinadi. Bunday maskanlar poytaxtimizning barcha tumanlarida tashkil etilishi lozim. Shaharda istirohat bogʻlarini yanada koʻpaytirish, mavjud yashil hududlarni asrab-avaylash, yangi ekologik toza mavzelarni barpo etish zarur», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uning taʼkidlashicha, Toshkentni rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri shu va boshlangan ishlar qatʼiy davom ettiriladi.
Mashinasini mahallada katta tezlikda xavfli haydagan yigit qamaldi
Qashqadaryoda mashinasini koʻp qavatli uylar orasida katta tezlikda haydab, yosh bolalarni urib yuborishiga sal qolgan haydovchi qamaldi.
Holat 12-sentabr kuni Qarshi shahri Choʻlquvar mahallasi hududida sodir boʻlgan edi. Aniqlanishicha, ushbu shaxs haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmay turib, mashina boshqargan.
Sud unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinladi.
Surxondaryoda Savdo-sanoat palatasi boʻlimi boshligʻi ushlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Rasmiy maʼlumotga koʻra, Savdo-sanoat palatasi Qiziriq tumani boʻlimi boshligʻi M.Ch. boshqa fuqaroga dehqon xoʻjaligi tashkil etishi uchun auksion orqali 2 gektar yer maydoni olib berishni vaʼda qilgan.
U fuqarodan firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aytilgan 5 mln soʻmni qaytarib berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
















