Ozarboyjon-Armaniston chegarasida keskinlik kuchayib bormoqda. 12 iyul kuni peshin vaqti Armaniston Ozarboyjonning Tovuz tumaniga hujum qildi va Ozarboyjon qurolli kuchlarining javob qaytarishi bilan ortga chekinishga majbur bo‘ldi. To‘qnashuvlar oqibatida ikki tomon ham jiddiy yo‘qotishlarga uchragani, xususan, Ozarboyjonning 7 askari, Armanistonning esa o‘nlab askarlari halok bo‘lgani aytilmoqda. Ammo shunga qaramay, ikki tomon ham o‘z tajovuzkor pozitsiyasini davom ettirmoqda. Aytish mumkinki, mazkur vaziyat mintaqaviy urush ssenariylarining yana bir bor «kadrga ko‘chishi»ga olib keldi.

Foto: Reuters

Voqeaga kim qanday munosabat bildirmoqda?

Armanistonning tajovuziga nisbatan Turkiya jiddiy reaksiya berdi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Armanistonning hujumlarini qoraladi va uni xalqaro huquqni hurmat qilishga, bosib olingan hududlarni tark etishga chaqirdi.

OAVda Turkiya Ozarboyjon armiyasiga yordam uchun turkiyalik harbiylar va Suriya shimolidagi Suriya ozodlik armiyasi guruhi jangarilaridan tarkib topgan bo‘linmalarni yuborishga tayyorligi haqida xabarlar tarqaldi.

Rossiya esa tomonlarni sulh shartlariga rioya qilishga undadi va agar kerak bo‘lsa, tomonlar o‘rtasida vositachilik qilishi mumkinligini ma'lum qildi. AQSh, Angliya va G‘arbning boshqa davlatlari tomonlarni mo‘'tadil bo‘lishga chaqirdi.

Pokiston Armanistonning hujumlarini keskin qoraladi va Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ukraina va Moldova ikki tomonni murosaga chaqirish barobarida Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini hurmat qilishni hamda BMT Xavfsizlik Kengashining Armaniston tomonidan hujum harakatlari to‘xtatilishini nazarda tutuvchi 822, 853, 874 va 884-sonli rezolyutsiyalarga amal qilishni so‘radi. Masalani xalqaro huquqning asosiy prinsiplariga va ayniqsa, hududiy yaxlitlik tamoyiliga muvofiq holda hal etish lozimligi bildirildi. Hatto Ukrainaning Yerevandagi elchisi Armaniston Tashqi ishlar vazirligiga tashrif buyurib, yuzaga kelgan holat jiddiy tashvish uyg‘otayotganini ifoda etdi.

Eron ham yo‘qotishlardan afsusda ekanligini bildirdi va tomonlarni sulhga chaqirdi. Ozarboyjon va Eron tashqi ishlar vazirlarining telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbatida Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash bildirildi.

BMT, Yevropa Ittifoqi (YeI), Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), NATO, shuningdek, Armaniston a'zo bo‘lgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) sulh buzilishi va qizg‘in mojarolarning boshlanishidan bezovta bo‘lganliklarini ma'lum qildilar. Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) hujumlarida Armanistonni ayblab, Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatladi.