O‘zbekiston | 08:07 / 24.07.2020
3410
3 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy sudlar tomonidan 120 mingdan ortiq shaxsga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanildi

120 484 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma'muriy qamoqqa olish va O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborish kabi ma'muriy jazolar qo‘llanildi.

2020 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida ma'muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 6 871 ta nizoli ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 4 820 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ma'muriy sudlar tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 183 137 nafar shaxsga nisbatan 149 684 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan, 120 484 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma'muriy qamoqqa olish va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma'muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma'muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, soliq solinadigan obektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish, haqorat qilish, mayda bezorilik, transport vositalarini mast holda boshqarish, yengil tan jarohati yetkazish, oz miqdorda talon-toroj qilish, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Xususan, ma'muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 8 850 nafar shaxsga nisbatan 8 727 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 8 555 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma'muriy qamoqqa olish kabi ma'muriy jazolar qo‘llanildi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1 971 nafar shaxsga nisbatan 1 968 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 1 738 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi, jarima jazosi bilan birga 1 499 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Ma'muriy sudlar tomonidan 47 510 ta ish, ya'ni barcha ishlarning 26,8 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid