2027-yil 1-yanvardan içimlik va oqova suv xizmatlaridan qarzdorlarga elektr energiyasi uçun tölov qiliş çeklanadi, deb maʼlum qildi “Özsuvtaʼminot” AJ raisining birinçi örinbosari Islom Abdullayev 30-oktabr kuni ötkazilgan matbuot anjumanida.
“Agar tölovlar amalga oşirilmasa, qarzdorlik vujudga kelsa, ogohlantirilib, tölov qilişga beş kun muddat beriladi. Şunda ham qarzdorlik bartaraf etilmasa, amaldagi tartibda xizmat körsatiş çeklanadi va qarzdorlikni undiriş böyiça amaliy çoralar köriladi”, dedi Abdullayev.
Bildirilişiça, ogohlantirişdan söng qarzdorlik bartaraf etilmasa, qarzdorlikni undiriş masalasi qarzdor ixtiyoriga qarab, notarial yoki sud tartibida hal etiladi.
“Bunda qarzdorlik bazaviy hisoblaş miqdorining ming baravarigaça bölsa notarius orqali, ming baravardan yuqori qiymatni sud orqali undiriş çorasi köriladi. Şundan söng ijro hujjatlari rasmiylaştirilib, majburiy ijro byurosiga yuboriladi”, dedi Islom Abdullayev.
Agar bunda ham belgilangan majburiyat bajarilmasa, isteʼmolçiga elektr energiyasi uçun tölovlarni amalga oşiriş imkoniyati çeklanadi.
Mazkur tartib 2027-yil 1-yanvardan amal qila boşlaydi va ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga nisbatan qöllanilmaydi.













