O‘zbekiston | 12:20 / 11.08.2020
4831
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazadi. Unda nufuzli xalqaro ekspertlar  ishtirok etadi

Joriy yilning 12−13 avgust kunlari Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi videokonferensiya shaklida o‘tkaziladi. Forum yoshlar huquqlarini targ‘ib qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlanadi. 

Samarqand Forumining asosiy maqsadi yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishga taalluqli mavjud xalqaro hamda mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qilishdan iborat.

Forumda BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasi birinchi marta jahonning yetakchi ekspertlari muhokamasi uchun taqdim qilinadi. Ushbu Konvensiya loyihasi O‘zbekiston prezidenti ShavkatMirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.

Samarqand veb-forumida nufuzli xalqaro ekspertlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan. Jumladan forumda Yoshlar ishlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining vakili, Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining ijrochi direktori, Parlamentlararo ittifoq yoshlar parlamenti Forumi prezidenti, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Yevropa Kengashining Yoshlar masalalari bo‘yicha Maslahat kengashi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Yoshlar huquqlari bo‘yicha Iber-Amerika konvensiyasi ekspertlar komissiyasi vakillari va boshqa ekspertlar veb-forumda ma'ruzalarini taqdim qilishadi.     

Shuningdek, uning ishida 30dan ortiq O‘zbekiston yoshlar tashkilotlari vakillari Respublikaning barcha hududlaridan turib ishtirok etadi. Jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va uning hududiy bo‘limlari, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, “Yuksalish” umummilliy harakati va uning hududiy bo‘linmalari, Respublika yosh olimlar assotsiatsiyasi, Yosh ijodkorlar kengashi, O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi, Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar markazi mas'uliyati cheklangan jamiyati, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, Yosh huquqshunoslar kengashi, Respublika yoshlar markazi va boshqa tashkilotlar veb-forumda ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid