Prezident Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Uning matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e'lon qilindi.
“Barchangizni – “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida o‘tkazilayotgan inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi qatnashchilarini qutlash menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi. Siz, azizlarni Xalqaro yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga mazkur forumni o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
Xalqaro anjuman ishida ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YuNeSKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari va boshqa sheriklarimizga tashakkur izhor etaman”, - deyiladi tabrikda.
Prezidentning ta'kidlashicha, kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo‘lishi uchun yangi g‘oyalar va ijodiy ruhdagi sa'y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir.
“BMTning Yoshlar strategiyasida ta'kidlanganidek, “yoshlar siymosida eng qimmatli va o‘ta muhim resurslar mujassam topgan bo‘lib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo‘lib qaytadi”. Men g‘oyat muhim ushbu fikrga to‘liq qo‘shilaman.
Shu yilning boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat global hayot kun tartibidagi markaziy masala bo‘lib kelmoqda. Yangi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, birinchi galda yoshlar ana shu tahdidlarga javoban davlatlar hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilishini talab etadigan ko‘plab muammolarga to‘qnash keldi.
Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta'minlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur.
Bugungi murakkab vaziyatda yosh avlod vakillari zamonaviy tahdidlarga, jumladan, pandemiyaga qarshi o‘zlarining istiqbolli tashabbuslari va ijtimoiy loyihalari bilan munosib javob berayotgani e'tiborga sazovordir. Butun jahonda ko‘ngilli yoshlar yordamga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda, yangi iqtisodiy va gumanitar dasturlarni ilgari surishda faol ishtirok etmoqda”, - deyiladi matnda.








