Jamiyat | 11:31 / 17.08.2020
8556
3 daqiqa o‘qiladi

Imtihonga yaqin qolganda pasportini yo‘qotib qo‘ygan abituriyent qanday yo‘l tutishi kerakligi aytildi

Kirish imtihonlari boshlanishiga yaqin vaqt qolganida pasporti yo‘qolgan abituriyent o‘zi hujjat topshirgan OTMning qabul komissiyasiga murojaat qilib, ogohlantirishi va IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limidan shaxsini tasdiqlovchi ma'lumotnoma olishi kerak bo‘ladi.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i Sa'dulla Safayev tomonidan kirish imtihonlariga yaqin pasportini yo‘qotib qo‘ygan abituriyentlar qanday yo‘l tutishi lozimligi haqida ma'lumot berildi.

«Fuqarolik pasportini yo‘qotib qo‘ygan abituriyent zudlik bilan o‘zi hujjat topshirgan OTM qabul komissiyasiga murojaat qilishi kerak. Uning holati o‘rganib chiqiladi va abituriyentga test sinovini topshirish uchun pasport o‘rniga shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etish yuzasidan rozilik beriladi.

Abituriyentga shaxsni tasdiqlovchi hujjat berilgandan so‘ng nazorat punktida uning shaxsi tasdiqlanadi va shundan keyin u imtihonga kiritilishi mumkin», dedi Milliy gvardiya rasmiysi.

Kun.uz muxbiri mazkur tartib yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot olish uchun Milliy gvardiya boshqarma boshlig‘i Sa'dulla Safayev bilan bog‘landi.

Uning ta'kidlashicha, imtihonga yaqin pasporti yo‘qolgan abituriyent o‘zi hujjat topshirgan OTMning qabul komissiyasiga murojaat qilganda ularga IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilib, shaxsini tasdiqlovchi ma'lumotnoma olishlari kerakligi tushuntiriladi. Shuningdek, qabul komissiyasi pasporti yo‘qolgan abituriyentlar ro‘yxatini kirish imtihonlarini nazorat qiluvchi mas'ul xodimlarga taqdim etadi.

«Pasporti yo‘qolgani uchun ma'lumotnoma bilan kelgan abituriyent kirish imtihonlariga kirishdan oldin nazorat punktlarida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shaxsi yuzni tanib olish qurilmalari va barmoq izlarini tekshirish orqali ularning shaxsi aniqlashtirilgach, imtihonga kiritilishi mumkin bo‘ladi.

Bunday abituriyentlarning pasporti yo‘qolgan bo‘lsa ham, elektron bazada ularga tegishli hamma ma'lumot mavjud bo‘ladi. Shuning uchun bunday holatda ham bir abituriyentning o‘rniga boshqa abituriyent imtihonga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi», deya qayd etdi Sa'dulla Safayev.

Qo‘shima qilinishicha, pasportini yo‘qotgan abituriyent o‘zi topshirgan OTMning qabul komissiyasiga murojaat qilib, ularni ogohlantirishi ular haqida oldindan ma'lumot shakllanitirilishiga va imtihonga kirishda muammolar bo‘lmasligiga yordam beradi. 

Mavzuga oid