Sport | 00:34 / 18.08.2020
9401
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng serdaromad ayol sportchilari ma'lum qilindi

Forbes nashri dunyoning eng serdaromad ayol sportchilarining yangi reytingini e'lon qildi. Reytingdan asosan tennischilar o‘rin olgan. 1-o‘rinni 22 yoshli yapon tennischisi Naomi Osaka egallagan.

Foto: Sergey Vishnevskiy / Kommersant'

Reytingda 2019 yil 1 iyundan 2020 yil 1 iyungacha bo‘lgan davr hisobga olingan.

Reyting yetakchisi Naomi Osaka bir yil ichida 37,4 mln dollar ishlab topgan: sportchi bu qiymatdan 3,4 mln dollarini bevosita musobaqalardagi ishtirokidan, qolgan 34 mln dollarni esa reklama shartnomalaridan olgan. U ayni vaqtda Ayol tennischilar assotsiatsiyasi (WTA) reytingida 10-o‘rinni egallamoqda. Uning hisobida WTA’ning 5 ta unvoni bor. Osaka, jumladan, 2019 yilgi Avstraliya ochiq chempionati va 2018 yilgi AQSh ochiq chempionati g‘olibasi hisoblanadi.  

Amerikalik tennischi Serena Uilyams 2-o‘rinni egallagan. U bir yil ichida 36 mln dollar ishlab topgan. Yetakchi uchlikka tennis sportining yana bir vakilasi – avstraliyalik Eshli Barti 13,1 mln dollarlik daromad bilan kirgan. 

Umuman olganda, yetakchi o‘ntalik quyidagicha ko‘rinish olgan:

1.Naomi Osaka — 37,4 mln dollar (Yaponiya, tennis);
2. Serena Uilyams — 36 mln dollar (AQSh, tennis);
3. Eshli Barti — 13,1 mln dollar (Avstraliya, tennis);
4. Simona Xalep — 10,9 mln dollar (Ruminiya, tennis);
5. Byanka Andreyesku — 8,9 mln dollar (Kanada, tennis);
6. Garbine Mugurusa — 6,6 mln dollar (Ispaniya, tennis);
7. Elina Svitolina — 6,4 mln dollar (Ukraina, tennis);
8. Sofiya Kenin — 5,8 mln (AQSh, tennis);
9. Anjyelika Kerber — 5,3 mln dollar (Germaniya, tennis);
10. Aleks Morgan — 4,6 mln dollar (AQSh, futbol).

Iyunda Forbes shveysariyalik tennischi Rojyer Federerni dunyoning eng serdaromad erkak sportchi deb e'tirof etgandi. Afsonaviy tennischi bir yil ichida 106,3 mln dollar ishlab topgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid