Nurafshon shahar yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Mirkarim Ahmadjonov o‘z xodimlarini haqoratlagan xizmat tekshiruvi davomida o‘z tasdig‘ini topdi va u ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Toshkent viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 18-avgust kuni, Ahmadjonov yoshlar yetakchilari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishda ro‘y bergan. U “xizmat odobi va kasbiy etika talablarini qo‘pol ravishda buzib, keskin hamda haqoratomuz munosabatda bo‘lgan”.

Shuningdek, xizmat tekshiruvi davomida M.Mirmahmudovichning ish faoliyatida ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

“M.Mirmahmudovich bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ish faoliyatidagi aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tekshiruvlar davom etayotgan bo‘lib, natijalari yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tizimda faoliyat yuritayotgan barcha rahbar va xodimlardan xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, mehnat jamoasida sog‘lom muhitni ta’minlash, xodimlarning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, xizmat odobi va kasbiy etika talablariga qat’iy rioya etish talab etiladi”, – deyiladi Toshkent viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi axborotida.

Tizimdagi xodimlar o‘zlarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxldor holatlarga duch kelsa, bu haqda yuqori turuvchi rahbarlarga murojaat qilishi mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, 31 yoshli Mirkarim Ahmadjonov Yoshlar ishlari agentligi Nurafshon shahar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga joriy yil fevral oyida tayinlangan. Tayinlovga qadar u Nurafshon shahridagi Taraqqiyot mahallasida yoshlar yetakchisi lavozimida ishlagan.