Jahon | 14:10 / 27.08.2020
25393
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Zelandiyada 50dan ortiq odamni o‘ldirgan shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Sud qarori bilan Brenton Tarrant muddatidan oldin ozod qilish bo‘yicha ariza bilan murojaat etish huquqiga ega bo‘lmaydi. 2019 yilda Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahri va unga yaqin hududdagi masjidlarda ro‘y bergan otishma natijasida 51 kishi halok bo‘ldi, 40 kishi jarohat oldi.

Brenton Tarrant /Foto: AP

Yangi Zelandiya sudi 2019 yil mart oyida Kraystcherch shahri masjidlarida otishma sodir etgan Brenton Tarrantni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. O‘shanda ro‘y bergan fojia oqibatida 51 kishi halok bo‘ldi, 40 kishi jarohat oldi. Hukm haqida New Zealand Herald gazetasi xabar berdi.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, sud qarorida keyinchalik muddatidan oldin ozod etish nazarda tutilmagan. Bu mamlakat tarixida birinchi marotaba shunday og‘ir hukm chiqarilishidir, deb yozadi gazeta.

Tarrant hukm chiqarilishidan avvalgi bayonotida o‘zini irqchi yoki ksenofob deb hisoblashdan bosh tortdi. Uning ta'kidlashicha, jamiyatda o‘zini badarg‘a qilingan kabi his etgan va unga zarar yetkazishni xohlagan. Shu bilan birga, sudlanuvchi o‘zining hujumi terakt bo‘lgani haqidagi fikrga qo‘shilgan, deb xabar berdi nashr.

Kraystcherch shahri va unga yaqin yerda joylashgan Linvuddagi ikkita masjidga hujum 15 mart kuni sodir bo‘lgan. Otishmadan keyin politsiya bir nechta qo‘lbola portlovchi moslamalar topdi hamda zararsizlantirdi.

Uch kishi qo‘lga olindi, ammo politsiya ulardan ikki nafarini qo‘yib yuborgan, sababi ularning aloqadorligini isbotlovchi dalil topilmadi. Faqat 28 yoshli avstraliyalik Tarrant hibsda qoldirildi.

Mart oyi oxirida u 51ta qotillikda aybdor ekanini tan oldi. Keyinchalik, may oyi oxirida, unga terrorizm ayblovi qo‘yildi.

Biroq, shundan so‘ng, iyun o‘rtalarida Tarrantning advokatlari sudda u o‘z aybini tan olmaganligini ma'lum qilishdi. Sudlanuvchining o‘zi majlisda videoaloqa orqali qatnashdi, u maxsus rejimdagi qamoqxonada yakka tartibda saqlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid