1299 yilda Usmon G‘oziy tomonidan asos solingan Usmoniylar (Usmonlilar, Ottomanlar, porta) imperiyasi davomiyligi jihatdan rekordchilardan hisoblanadi va oradan 7 asrdan ko‘proq vaqt o‘tib, 1922 yilga kelibgina o‘z poyoniga yetgan. Barcha imperiyalar kabi Usmoniylar ham tug‘ilish, o‘sish, barq urib rivojlanish va cho‘kish davrini boshdan kechirgan.

Barq urib rivojlanishning boshlanishi, yoki keskin burilish nuqtasi deya 1453 yilda Konsantinopolning fath etilishi va Istanbul deya qayta nomlanishi bo‘lsa, imperiyaning har jihatdan cho‘qqiga chiqqan davri Sulton Sulaymon yoki Sulaymon I, Sulaymon Qonuniy boshqaruvidagi 46 yillik (1520—1566) davrga to‘g‘ri keladi.  

Konsantinopolning fath etilishi nafaqat imperiya tarixida, balki jahon tarixida muhim voqealardan sanaladi va hanuz bu voqea hamda uning oqibatlari atrofidagi bahsu munozaralar tinmaydi. Bu borada birgina Ayo Sofiyo majmuasining machitga aylantirilishi ortidagi muhokamalarni eslash kifoya.

Imperiyaning gullagan davri yoki muhtasham asri deya ta'riflanuvchi Sulaymon Qonuniy hukmronligida ko‘plab muhim voqealar bo‘lib o‘tgan. Ammo “Muhtasham yuz yil” serialining aql bovar qilmas muvaffaqiyati ortidan bu davrdagi siyosiy jarayonlar, harbiy yurishlar, xaritalardagi o‘zgarishlar va turli-tuman islohotlar qolib, sulola hayoti haram ichidagi mojarolarga o‘ralashib qolgandek tasavvur o‘yg‘ongan.

Bu borada Turkiya prezidenti (2016 yilda bosh vazir bo‘lgan) Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham jiddiy e'tiroz bildirgan. “Buyuk bobokalonimiz Sulaymon Sulton taxtdagi umrining 30 yildan ortig‘ini egarda o‘tkazgan va qator davlatlarni fath etgan. Bu serial ijodkorlari esa uni haramda ayollar va maishatga o‘ralashib qolgan sulton sifatida tasvirlashibdi. Bu esa buyuk tariximizga nisbatan hurmatsizlikdir va mazkur serial namoyishi to‘xtatilishi lozim”, – degan u o‘z chiqishlaridan birida.

Serial albatta to‘xtatilmadi, aksincha, Erdo‘g‘anning bu so‘zlari unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib yubordi. Dunyoning 60 davlati telekanallarida, jumladan O‘zbekistonda ham bu kinoasar namoyish qilindi. Shunga qaramay Turkiyaning televidiniye va radio bo‘yicha yuqori kengashiga serialni taqiqlash bo‘yicha 70 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan