7 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida Zokirjonov Javohir Zokirjon o‘g‘liga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda guvohlar so‘roq qilindi.

Tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, «Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari» MChJ rahbarlari – Javohir Zokirjonov va uning akasi Bekzod Zokirjonov 2019 yil iyun-sentabr oylari davomida baliqchilik havzasini tashkil etish uchun qazib olingan qum-shag‘al aralashmalarini ish haqi va boshqa maqsaddagi hisob-kitob kelishuviga asosan tashib ketilishiga yo‘l qo‘ygan. Shu tarzda, tadbirkorlar o‘zlariga ishonib topshirilgan va ularning ixtiyorida bo‘lgan jami qiymati 600 789 105 so‘mlik davlat mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ayblanyapti.
Advokat Umid Davlatovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, uning himoyasi ostidagi Javohir Zokirjonov Jinoyat kodeksining 167-moddasi («o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») 3 qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Advokat ushbu jinoyat ishi doirasida bir qancha protsessual tartiblar buzilgani, sudlanuvchining aybliligini isbotlash uchun yetarli dalil mavjud emasligini e'tirof etib, oqlov himoya pozitsiyasida ekanini bildirdi.
Sudlanuvchi Javohir Zokirjonovga ko‘ra, undan tuman prokurori katta yordamchisi – ishni yuritgan tergovchi Jamolsher Rustamov deputat Rasul Kusherbayevga nisbatan ko‘rsatma berishini talab qilgan.
«Hammasini u qilgan, dedi. Sen faqat o‘rtada turganding, o‘sha narsani yozib bersang, bas, dedi... «Mening nomimga joy berilgandi, korxonaning norasmiy rahbari u edi», deb yozib ber, degan», – deya sudda ko‘rsatma berdi Javohir Zokirjonov.
Advokatning iltimosiga ko‘ra, sudda deputat Rasul Kusherbayev ham guvoh tariqasida so‘roq qilindi. U Javohirni avvaldan tanishini, saylovchilariga g‘amxo‘r bo‘lib, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida yashovchi aholi murojaatini doim o‘rganib kelganini, Zokirjonov ham shulardan biri bo‘lganini aytdi.

«Yangiyo‘l tumanida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar sonini aniq bilmayman, butun respublikada ham ko‘p. Menga ulardan ko‘p masalada murojaat kelib tushadi. Javohir va uning akasi men yashayotgan mahallada istiqomat qiladi. Kimgadir ishi bitishida qandaydir nafim tegsa, bu noto‘g‘ri tushunilib, bunda mening ulushim bor, degan faraz paydo bo‘lsa – bu o‘sha odamlarning buzuqligidan.















