Ko‘plab jamiyatlarda fermer — e'zozlanadigan, hurmatlanadigan hur inson bo‘lib, aynan uning hurriyati, ya'ni hech kim uning ishiga aralasholmasligi qishloq xo‘jaligi sohasining muvaffaqiyati garovi deb bilinadi.

Bizda-chi?

O‘zbek fermerining jamlovchi suratini chizadigan bo‘lsak, qanday qiyofa hosil bo‘ladi? Bizdagi fermerchilik manzarasining asosiy chizgilari nima? Erk, hurriyat bu manzaraning asosiy chizgilaridan birimi?

Bu savolga javob bermoqni niyat qilib yurgandim, «qahramon»ning o‘zi meni izlab, oldimga kelib qoldi.

Abduvohid Qurbonov — Denov tumani hududida yaqindagina, ikki yilcha avval fermerlikni boshlab, ammo bu orada ushbu faoliyatini tugatishga ham ulgurgan tadbirkor. Uning hikoyasi asosida biror-bir rejissyor film oladigan bo‘lganda, bu film tomoshabinni yig‘i aralash kuldiradigan tragekomediya janrida bo‘lar edi.

Balki uning ikki yillik «fermerlik amaliyoti» sohadagi mavjud holatning barcha qirralarini o‘zida jamlamas, biroq u holat qay darajada mantiqqa zid ekanini ko‘rsatib berishga qodir, deb o‘ylayman.

***

Abduvohidning hikoyasini tinglaymiz.

Tadbirkor edim. Toshkent bozorlaridan birida meva-sabzavot sotardim. Mamlakatimizda tadbirkorlikka keng imkoniyat yaratish bo‘yicha boshlangan islohotlardan ruhlanib, faoliyatimni kengaytirishga, qirralarini boyitishga qaror qildim.

Qarasam, ona shahrim Denovda ham qilinadigan ishlar ko‘p ekan. Masalan, dehqonlarni sifatli kartoshka urug‘i bilan ta'minlash sohasi achinarli ahvolda ekan. Dehqonlar kartoshka yetishtirishmoqchi bo‘lib, urug‘ sotib olmoqchi bo‘lishsa, savdogarlar ularga falon nav deb, boshqa navni pullashar ekan... Denov dehqonlari esa bilmasdan bu urug‘larni sotib olayotganlarining, bunda hech qanday javobgarlik ko‘zda tutilmasligining guvohi bo‘ldim.

Shunda mening tinib-tinchimas miyamga bir fikr keldi: «Denov hududida ozroq yer olib, chet eldan keladigan urug‘larni o‘z yerimda sinab ko‘rib, Denov dehqonlarini yaxshi urug‘lar bilan ta'minlayman, bu bilan Denov va uning atrofidagi dehqonlarning ishonchini qozonaman, o‘zim ham foyda ko‘raman, dehqonlar ham urug‘ tanlashda adashmaydi», degan reja tuzdim. Ammo bu faqat rejalarimdan biri edi, xolos.