18:00 / 10.10.2020
15215

Angliya – Belgiya, Fransiya Portugaliyaga qarshi. Millatlar ligasi 3-tur o‘yinlari anonsi

Ushbu uik-endda ko‘hna qit'ada klublar o‘rtasidagi chempionat o‘yinlari o‘tkazilmasa-da, shanba va yakshanba kuni muxlislarni Yevropa milliy jamoalari o‘rtasida Millatlar ligasi doirasida o‘tadigan bir qator qiziqarli to‘qnashuvlar kutib turibdi. 

Foto: AFP/Getty Images

Bu qanday turnir?

Yangi musobaqa sanalmish Millatlar ligasi turniri hisob bo‘yicha ikkinchi marta o‘tkazilmoqda. Turnirning ilk g‘olibi Portugaliya milliy jamoasi bo‘lib, Krishtianu Ronaldu jamoadoshlari o‘z mamlakatlarida o‘tgan musobaqaning hal qiluvchi o‘yinlarida bosh sovringa ega chiqishgandi. 2020/21 yilgi turnir avvalgisidan ham qiziqarli va shiddatliroq o‘tishi kutilmoqda. Liga formatiga o‘zgartirishlar kiritilgan.

Ligalarga taqsimlanish

Yevropaning 55 mamlakat jamoasi ushbu turnirning so‘nggi yildagi natijalaridan kelib chiqqan holda reytingdagi o‘rinlariga qarab, guruhlarga bo‘lingan. Jumladan, 1-16 o‘rindagilar A liga, 17-32-o‘rindagilar V liga, 33-48 pog‘onagilar S liga, 49-55 pog‘onadagilar esa D liga guruhlaridan joy olishgan.

Millatlar ligasining formati qanaqa?

Jamoalar o‘zaro uy-safar tizimida o‘yinlar o‘tkazishadi. A liganing to‘rtta guruhi g‘oliblari Millatlar ligasining final qismi (yarimfinal, 3-o‘rin uchun o‘yin va final) yo‘llanma olishadi. B, C va D liga g‘oliblari yuqoriroq ligalarga ko‘tarilishsa, A va B ligalarida so‘nggi o‘rinni band etgan milliy jamoalar pastki ligaga ravona bo‘ladi.

JCh-2022 saralashi bilan qanday bog‘langan?

Umuman olganda Yevropadagi jahon chempionati saralash bosqichi deyarli o‘zgarmaydi. 10ta guruhda g‘olib bo‘lgan milliy jamoalar Qatardagi mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqishadi. Yana uchta yo‘llanma sohibi esa o‘tish o‘yinlari orqali aniqlanadi. Ya'ni, saralash bosqichida guruhlarda 2-o‘rinni olgan barcha jamoalar ishtirok etishadi. Shuningdek, guruh g‘oliblari orasidan JChga yo‘llanma olmagan va o‘tish o‘yinlarida bo‘lmagan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega (turnir reytingiga ko‘ra) ikki jamoa ham yo‘llanma uchun kurashga qo‘shiladi. Sentabr oyida turnirning dastlabki ikki turi o‘tkazildi. Oktabr oyida esa 3-4-turlar o‘tkaziladi.

3-tur: Angliya – Belgiya, Fransiya Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi

Quyida UYeFA Millatlar ligasi 3-turi doirasidagi o‘yinlar anonsi bilan tanishtiramiz. 

Shanba kuni tur doirasidagi 7 o‘yin o‘tkazilsa, yakshanba kuni 20ta bahs joy olgan. Dastlabki kunda ikkita e'tiborli bahs joy olgan. Andrey Shevchenko qo‘l ostidagi Ukraina milliy jamoasi Kiyevda Germaniyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu o‘yindagi g‘alaba ikki tomon uchun ham juda muhim. Nemislar ikki o‘yindan keyin 2 ochko bilan «A» liganing 4-guruhida 3-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Ukraina 3 ochko bilan 2-pog‘onadan joy olgan. 

Guruhdagi yana bir bahsda Ispaniya Shveytsariyaga qarshi saf tortadi. Ispanlar 4 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, shveysariyaliklar 1 ochko bilan 4-o‘rindan joy olgan. O‘yin natijasi guruhdagi vaziyatga jiddiy ta'sir qilishi mumkin.

Yakshanba kungi o‘yinlar ro‘yxatidan 5ta markaziy bahs joy olgan. «A» liga 2-guruhi peshqadami Belgiya 2-o‘rinda borayotgan Angliyaga safar qilsa, ikki o‘yindan keyin 6 ochkodan to‘plagan 3-guruh peshqadamlari Fransiya va Portugaliya o‘zaro to‘qnashishadi. 

«A» liga 1-guruhida 4 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan Italiya o‘zidan bir ochko kam jamg‘argan Polshaga qarshi maydonga tushsa, 2-o‘rindagi Niderlandiya Bosniya maydoniga safar qiladi.

«B» liga 3-guruhida 6 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan Rossiya milliy jamoasi bu turda Turkiya bilan o‘yin o‘tkazadi. Oxirgi uchrashuvida Germaniya bilan 3:3 natijasini qayd etgan turklarning ruslarga qarshi o‘yini ham qiziqarli kechishi aniq.

UYeFA Millatlar ligasi. 3-tur

10 oktabr (shanba)
C1. Lyuksemburg - Kipr (18:00)
C1. Chernogoriya - Ozarboyjon (18:00)
D1. Farer orollari - Latviya (21:00)
D2. Lixtenshteyn - Gibraltar (21:00)
A4. Ispaniya - Shveytsariya (23:45)
A4. Ukraina - Germaniya (23:45)
D1. Andorra - Malta (23:45)

11 oktabr (yakshanba)
B4. Irlandiya - Uels (18:00)
C4. Qozog‘iston - Albaniya (18:00)
A1. Bosniya va Gersegovina - Niderlandiya (21:00)
A2. Angliya - Belgiya (21:00)
A3. Xorvatiya - Shvetsiya (21:00)
B1. Norvegiya - Ruminiya (21:00)
B4. Finlyandiya - Bolgariya (21:00)
C2. Armaniston - Gruziya (21:00)
C2. Estoniya – Shimoliy Makedoniya (21:00)
C4. Litva - Belarus (21:00)
A1. Polsha - Italiya (23:45)
A2. Islandiya - Daniya (23:45)
A3. Fransiya - Portugaliya (23:45)
B1. Shimoliy Irlandiya - Avstriya (23:45)
B2. Isroil - Chexiya (23:45)
B2. Shotlandiya - Slovakiya (23:45)
B3. Rossiya - Turkiya (23:45)
B3. Serbiya - Vengriya (23:45)
C3. Gretsiya - Moldova (23:45)
C3. Kosovo - Sloveniya (23:45).

Top