O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 oktabr kuni davlat kadastrlarini yuritishning yangi tizimini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
«Mamlakatimizda yer ajratish va davlat kadastri sohasida bir necha o‘n yillar mobaynida tizimli muammolar to‘planib qolgani sir emas. Tartib-intizom, hisob-kitob bo‘lmagani sababli minglab gektar yerlar talon-toroj bo‘lib ketgan. Bu sohadan aholi ham, tadbirkorlar ham norozi edi.
Shu bois joriy yil 7 sentyabrda «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatda sohani ilg‘or tajriba asosida isloh qilish, yangicha boshqaruv tizimini joriy etish, yerning hisobini to‘liq yuritish va raqamlashtirish bo‘yicha kompleks vazifalar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi. Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish vazifasi mazkur agentlikka, yerlardan samarali foydalanishni ta'minlash va nazorat qilish funksiyalari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazildi.
Yangi tizimga ko‘ra, Kadastr agentligi Soliq qo‘mitasi tarkibida tashkil etilgani bejiz emas. Chunki bu sohada soliq bazasini kengaytirish uchun katta zaxira bor.
Misol uchun, yaqinda Bo‘stonliq, Furqat, Koson tumanlari va Urganch shahrida o‘tkazilgan o‘rganishlarda jami 2 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obekti kadastr va soliq bazalarida hisobga olinmagani aniqlangan.
Shunday holat yer maydonlarida ham bor. Masalan, xatlovlar natijasida 66 tumanda 150 ming gektar qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi yerlari, shundan hisobotlarga kiritilmagan 28 ming gektar sug‘oriladigan ekin maydoni borligi ayon bo‘lgan. Umuman, 113 tumanda yer fondi toifalari va turlarining aniq hisob-kitobi bo‘lmagani oqibatida ko‘plab zaxiralar yo‘qotilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qo‘yib, to‘liq shakllantirib olish zarurligi ta'kidlandi.
«Kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirgan. Ular murakkab, tushunarsiz yozilgan. Bu esa korrupsiyaga yo‘l ochib bergan. Bugun tizim tamomila o‘zgarishi kerak. Asosiy maqsad yer hisobini aniq yuritish, bu borada adolatni ta'minlashdir», dedi prezident.













