Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, doʻst Rossiya xalqiga esa ravnaq tiladi.

Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda Oʻzbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.

Oʻzaro hamkorlik barcha yoʻnalishlarida jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Oʻzaro savdo hajmi, sanoat, energetika va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda yetakchi korxonalar kooperatsiyasi koʻlami izchil ortib bormoqda.

Fargʻona shahrida boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi hamda Hududlar kengashining uchinchi yigʻilishi natijalari yuqori baholandi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, boʻlajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.