Migratsiya agentligi direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi xizmat safari bilan Belarusda bo‘ldi.
“Minsk avtomobil zavodi” rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda korxonadagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilish, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish va ishga qabul qilish jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar korxona ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib oldilar.
Safar doirasida mazkur korxonada mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, fuqarolarni xavfsiz, qonuniy va munosib mehnat sharoitlari bilan ta’minlash yuzasidan o‘zaro hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.











