Tarixda juda köp sarkardalar ötgan. Lekin ularning aksariyatining nomi unça köp eslanmaydi. Bugun istalgan odamga tarixda ötgan maşhur sarkardalarni sanab bering deyilsa, u katta ehtimol bilan Aleksandr Makedonskiy, Çingizxon, Amir Temur, Napoleon deb javob beradi. Makedonskiy, Çingizxon va Amir Temur davridan keyin hozirgi davrga nisbatan uzoq vaqt ötgan. Napoleon yaşab ötgan davrga endigina 200 yildan sal oşdi. Yuqorida nomlari sanalgan sarkardalar orasida Napoleon eng kam tanqid qilinadi. Balki, bunga u öz yurişlarini «fransuzça nazokat» bilan olib borgani ham sabab bölişi mumkin. Aksariyat sarkardalar hayotidan farqli ravişda Napoleon hayotining sönggi qismi ayançli böladi. U taxtda ötirgan holida yoki jang maydonida emas, balki vatanidan uzoqda mahbuslikda vafot etadi.

Napoleon – korsikalik italyan

Napoleon Bonapart 1769 yil 15 avgustda Örta Yer dengizidagi Fransiyaga tegişli Korsika orolidagi Ayaçço şahrida kiçik zodagon oilasida tuğiladi. Öşa paytgaça Korsikani Genuya respublikasi nazorat qilar, Napoleon tuğilişidan bir yil oldin respublika bu orolini Fransiya qiroli Lyudovik XV’ga 40 million livrga sotgan edi.

Napoleonning ajdodlari bu orolga XVI asrda Italiyadan köçib kelişgan. Napoleonning ona tili italyan tilining Korsika lahjasi edi. U fransuz tilini maktabda örganadi. Ammo umrining oxirigaça fransuzça gapirganida italyan tili ohangi sezilib turadi.

1779 yilda Napoleon Briyen-le-Şatodagi kadetlar maktabiga öqişga kiradi va artilleriyani qiziqib örganadi. 1784 yilda maktabni bitirib, Parij harbiy maktabida öqiy boşlaydi. Bu yerda olingan harbiy bilim va könikmalar Napoleonning keyingi hayoti davomida asqotadi. Öşa yili öqişni muddatidan avval tugatib, de La Ferning artilleriya polkida uç oylik sinovdan muvaffaqiyatli ötganidan söng, kiçik leytenant unvoni bilan xizmatga qabul qilinadi. Şu tariqa, Napoleonning harbiy hayoti boşlanadi.

Napoleon tuğma sarkarda edi. Turli harbiy harakatlarda qatnaşgan Napoleonning tajribasi va unga uyğun holda unvoni ham oşib boradi. 1795 yilga kelib Parij harbiy maktabini bitirganiga ön yil bölganida u Fransiya armiyasi generaliga aylanadi. Oradan bir yil ötib Napoleon graf Bogarnening bevasi Jozefinaga uylanadi. Töyona sifatida uni Italiya şimoliga jönatiladigan armiyaga qömondon etib tayinlaşadi. Töydan keyin u italyan frontiga jönab ketadi.