Shu kunlarda «Ark Buloq» bojxona posti yaqinida barpo etilayotgan Ark Buloq xalqaro innovatsion savdo majmuasida do‘konlar sotuvining ikkinchi bosqichi boshlandi. Ishlab chiqaruvchilar, tadbirkor va ishbilarmonlarga o‘z faoliyatlarini yanada samaraliroq yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadigan majmua qulayliklari soha vakillarini bee'tibor qoldirmaydi, albatta.
Qurilish mollari, elektro va maishiy jixozlar savdo xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan yangi xalqaro majmuada 750 ta do‘kondan iborat bo‘lib, ikkinchi bosqichda yana 250 ta do‘kon sotuvga chiqarilgan.

Bu yerda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun qulay biznes muhiti yaratilgan bo‘lib, do‘konlar asosan qurilish mollari mahsulotlari savdosiga moslab qurilgan. Bu ushbu turdagi mahsulotlar eksport va importi bilan shug‘ullanadigan ishbilarmonlar uchun ayni muddaodir.
Do‘konlar eni 22 kv.m.dan 160 kv.m.gacha, balandligi 4,5–5,5 metrgacha bo‘lib, turli xil kattalikdagi uskunalar, jihozlarni joylashda qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Bundan tashqari, do‘konlarning tepa qismida ijara asosida beriladigan omborxonalar ham bor. U yerda istalgan turdagi tovarlarni xavfsiz saqlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, alohida umumiy ombor ham bo‘lib, katta partiyadagi tovarlar aylanmasi vaqtida yuklarni olib kirish va olib chiqib ketishda yengillik beradi. Eni 10 metrli keng yo‘llar esa yuk mashinalarining majmua bo‘ylab, erkin harakatlanishiga sharoit yaratadi.

Savdo markazining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, unda yetkazib berish xizmati ham mavjud. Ushbu xizmatning maxsus yuk avtomobillari muntazam ravishda tovarlarni belgilangan manzilga o‘z vaqtida yetib borishini ta'minlaydi, tovar egasini yetkazib beruvchilarni izlab yurishdan xalos etadi.
Majmua to‘liq ishga tushgach, bu yerga nafaqat yirik ishbilarmonlar, balki mahalliy xaridorlar ham tashrif buyurib, qulay narxlarda xaridlarni amalga oshirishlari mumkin. Qulay narxlar deyilishiga sabab, ushbu yirik savdo kompleksi tadbirkorlarni ortiqcha ovoragarchilik va sarf-xarajatlardan qutqaradi. Bu esa o‘z-o‘zidan har qanday turdagi mahsulotning sotuv narxi mo‘'tadilligini ta'minlaydi.


















